Jondorlik deputatlar va mahalla faollari bilan muloqot qilindi

04.05.2024, 18:01

Jondorlik deputatlar va mahalla faollari bilan  muloqot qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari hamda partiyaning Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Buxoro viloyati Jondor tumanida mahalliy Kengash deputatlari, partiya hamda MFY faollari bilan uchrashdi, ularning taklif va fikrlarini tingladi, aholi vakillari tomonidan ilgari surilayotgan masalalarni o‘rgandi.

Uchrashuvda Aktam Xaitov dastlab mamlakatimizda umumxalq  referendumi orqali yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga bir yil to‘lganligi, unga kiritilgan yangi normalar va o‘zgartirishlarning bugungi kunda hayotga tadbiq etilayotganligi, xususan, O‘zLiDeP g‘oya va maqsadlariga hamohang bo‘lgan xususiy mulk huquqi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va kapital harakati erkinligining kafolatlari mustahkamlanganligi, o‘z navbatida, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan qoidalar soni uch barobar ko‘payganligi xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Joriy yilda Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga o‘tkaziladigan saylovlar Yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilishi yuzasidan ham tegishli maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan yangi qonunlar, jumladan, yer uchastkalariga bo‘lgan mulk va ijara huquqini eʼtirof etishga qaratilgan qonunning mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirdi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etishning aniq tartibi mazkur qonun bilan belgilanayotgani taʼkidlandi.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16 aprel kuni imzolangan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va unda belgilab berilgan dolzarb vazifalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuv davomida ayni kunlarda mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, yurtimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni har tomonlama kengaytirish maqsadida o‘tkazilgan Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi xususida ham tegishli fikr-mulozalar bildirib o‘tildi.

Muloqotda davlatimiz rahbari tomonidan selektor yig‘ilishlarida hamda viloyatlarga tashriflar davomida hududlarni ijtimoiy-istisodiy rivojlantirish borasida belgilab berilayotgan vazifalar ijrosini taʼminlashda partiya faollari va mahalliy Kengash deputatlaridan yana-da faollik talab qilinishi, fuqarolar bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning muammo va takliflarini tegishli tashkilotlar orqali hal qilib borish lozimligi taʼkidlandi.

Uchrashuv davomida deputatlarning ham takliflari, fikr-mulohazalari tinglanib, A.Xaitov tomonidan ularga tegishli yo‘l-yo‘riq, tavsiya va amaliy maslahatlar berildi.

  • Ko'rildi
    32
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+