Deputatlarning faolligi va tashabbuskorligi oshmoqda

09.02.2024, 16:06

Deputatlarning faolligi va tashabbuskorligi oshmoqda

Bugungi kunda yurtimizda boshqaruv sohasida xalqaro me’zonlarni amaliyotga kiritish, rivojlangan mamlakatlar tajribasini qo‘llashga katta ahamiyat berilyapti. Xususan, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati, qolaversa mahalliy kengashlar misolida buni ko‘rishimiz mumkin.   

Davlatimiz Rahbarining 2024 yil 2 fevral sanasida qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada katta ahamiyatga ega. Mazkur hujjatga ko‘ra endilikda, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funksiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazildi.

Masalan, davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish, atmosfera havosiga ta’sir etuvchi korxonalarni qurish joylarini, chiqindilar ko‘mib tashlanadigan joylarni belgilash, yo‘lovchi va yuk tashish tariflari, jumladan fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflar, tabiiy ob’ektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi ob’ektlariga nom berish va boshqalar.

Shu bilan birga, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining davlat organlarining hisobot (axborot)larini eshitishga doir ayrim vakolat va funksiyalari 10 taga birlashtirilgan holda tizimlashtirildi. Masalan, hokimlar va ular o‘rinbosarlarining 7 turdagi (dasturlar ijrosi; kichik biznes, tadbirkorlik, aholi bandligi; kreditlar ajratish; hokim yordamchilari axborotlarini eshitish yakunlariga oid) hisobotlarini eshitish – hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi bo‘yicha hisobotlarini eshitish doirasida ko‘rib chiqiladi. Farmon bilan 2024 yil 1 oktyabrgacha O’zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.

Darhaqiqat, har qaysi mahalliy boshqaruv organlarining asosiy maqsadi  mamlakatdagi islohotlar samarasining eng quyi pog‘onaga qadar yetib borishini ta’minlash sanaladi. Qolaversa davlat iqtisodiy taraqqiyotida o‘sish nuqtalarining qamrovi ham aynan mahalliy boshqaruvning nechog‘li samarali tashkil etilganiga bog‘liq. Bunda esa mahalliy kengashlar, xususan deputatlar islohotlarni yurgizuvchi, qayerdaki muammo mavjud bo‘lsa, aytaylik rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan korrupsiya yoki korrupsiyaga moyil rahbarlarni bartaraf etish — yangilanishga yo‘l ochuvchi kuchdir. Yuqoridagi Farmon ijrosi ana shunday imkoniyatni kengaytirish bilan birga, deputatlarning ham faolligini, tashabbuskorligini oshirishga xizmat qiladi, albatta.

Saodat BOZOROVA,
Xalq deputatlari Navoiy viloyati
Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

  • Ko'rildi
    58
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+