Surxondaryoda “Boysun bahori” xalqaro festivaliga tayyorgarlik jarayonlari boshlandi

24.02.2024, 12:17

Surxondaryoda “Boysun bahori” xalqaro festivaliga tayyorgarlik jarayonlari boshlandi

Noyob qadriyat va boy nomoddiy madaniy merosga ega Boysun tumani 2001 yil YuNeSKO tashkiloti tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari” ro‘yxatiga kiritgan edi. 2002 yil may oyida xushmanzara tumanda O’zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalq ijrochilarining ilk ochiq folklor festivali bo‘lib o‘tgan edi.

Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu madaniy tadbir xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda milliy madaniyatlar uyg‘unligi va turfa xilligini saqlash va rivojlantirish, nomoddiy madaniy merosning eng yaxshi namunalarini muhofaza qilish va rivojlantirish, milliy an’analarni asrab-avaylab, yoshlarda folklor san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, xalqimizning madaniyati, xususan, betakror folklor san’atini e’zozlashga qaratilgani barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Festival hunarmandchilik ko‘rgazmalari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, qadriyatlar va an’analarni keng targ‘ib etishga, turli millat vakillarini ma’naviy muloqotga chorlab, milliy an’analar asosida xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash va madaniy turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Surxondaryo vohasida dunyo folklor san’ati ijrochilari, shinavandalari va folklorshunoslarni maftunkor Boysun tumaniga chorlaydigan shodiyonani bu yil ham yuksak saviyada o‘tkazish uchun puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Tadbir o‘tadigan “Bibishirin” mahallasida festival uchun yer maydoni tanlab olingan bo‘lib, ushbu hududda tevarak-atrofni obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish, ishtirokchilar va muxlislarga qulay sharoitlar yaratish uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, ayni paytda anfiteatr, mehmonxona va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish binolari qurilmokda.

Milliy an’ana va qadriyatlar keng tarannum etiladigan shodiyona faqat jonli ijroda o‘tkaziladi. Festival doirasida shuningdek, ilmiy-ijodiy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, sayillar, konsertlar, ko‘rgazma va boshqa tadbirlar tashkil etish, vohaning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirish rejalashtirilmoqda. Milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmalarini, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Alisher RO’ZIYEV,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati

Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    92
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+