Deputatlar va partiya faollari yoshlar huzurida

24.02.2024, 13:22

Deputatlar va partiya faollari yoshlar huzurida

O’zLiDePning “Parlamentda yoshlar o‘rni” loyihasi doirasida Buxoro neft va gaz sanoati kollejida mahalliy Kengash deputatlarining yoshlar bilan uchrashuvi o‘tkazildi. Unda partiya viloyat va Buxoro shahar Kengashlari mas’ullari, talaba-yoshlar va “Yoshlar qanoti” faollari ishtirok etdilar.

Uchrashuvni partiya viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Obidjon Xamidov kirish so‘zi bilan ochib, davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yilning mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinganligi tadbirkorlik sohasining navqiron vakillari, shuningdek, ta’lim muassasalari talaba-yoshlarini ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy muhofaza qilish borasidagi ishlarini davr talablaridan kelib chiqqan holda tashkil etish imkonini berishi, bir qator partiyaviy loyihalar, xususan, “Parlamentda yoshlar o‘rni” istiqbolli loyihasining ijrosi bu borada muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.

Xalq vakillarining yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvida so‘zga chiqqan O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari, xalq deputati viloyat Kengashi deputati Bobomurod Ochilov qayd etganidek, amaldagi qonunchiligidagi so‘nggi yangiliklar, jumladan, “O’zbekiston - 2030” strategiyasida ilgari surilgan maqsad va vazifalarni bajarish borasida viloyat, shahar va tumanlar miqyosida belgilangan va amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, ta’lim muassasalarining tashkiliy boshqaruv faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan dolzarb vazifalar ijrosi yoshlar hayoti va faoliyatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbirda partiyaning ushbu loyiha ijrosini ta’minlashda O’zLiDeP a’zosi bo‘lgan buxorolik yoshlar ham faol ishtirok etayotganliklarini, bu esa o‘z navbatida ularning qonun ijodkorligidagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishlarida muhim o‘rin tutishi e’tirof etildi. Yoshlarning dahldorlik hissini kuchaytirishda bunday loyihalarning ahamiyati beqiyos ekanligi ta’kidlandi.

-Yoshlarimizning deputatlar bilan o‘tkazgan bugungi uchrashuvi ularning o‘qishdagi, jamoat ishlaridagi, ayniqsa partiyaviy faoliyatida muhim bosqich bo‘lib hisoblanishi bilan ahamiyatlidir, - deydi kollej yoshlar yetakchisi Xurshida Azimova. – Yigit qizlarning huquqiy bilimlarini oshirish, siyosiy savodxonligini kuchaytirish, intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan bunday uchrashuvlar hech shubhasiz, kelajakda ular orasidan eng munosib nomzodlarni deputatlikka saylash imkonini beradi. Chunki yosh avlod vakillari orasida iqtidorli, tashabbuskor, yangilikka intiluvchi, ayniqsa IT texnologiyalarini mukammal o‘zlashtirib olishga erishayotgan yigit-qizlar talaygina. Mamlakatimiz kelajagi ular qo‘lida ekanligi bilan biz chindanda faxrlanamiz.

 Shuningdek, uchrashuvda so‘z olgan O’zLiDeP Buxoro shahar Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Ruslan Zagretdinov, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Sunnat Ahadov va boshqalar yoshlarni mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayoniga keng jalb qilish, deputatlik guruhlarining yig‘ilishlari kun tartibiga yoshlar muammolari bilan bog‘liq masalalarni olib chiqish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.

Uchrashuv doirasida yoshlarning qonun ijodkorligiga oid savollariga tashkilotchilar tomonidan batafsil javoblar berildi.

Uchrashuv yakunida partiyaning dasturiy maqsad va g‘oyalari bilan tanishgan bir guruh yoshlar O’zLiDeP safiga qabul qilinib, ularga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

  • Ko'rildi
    50
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+