Yoshlarning siyosiy savodxonligi oshirilmoqda

24.02.2024, 13:44

Yoshlarning siyosiy savodxonligi oshirilmoqda

O’zLiDeP viloyat hamda Buxoro shahar Kengashlari tomonidan Buxoro soliq kollejida  “Deputat va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.

Unda partiya mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari, kollej o‘qituvchilari hamda talaba yoshlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Bobomurod Ochilov qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar,  “O’zbekiston – 2030” strategiyasidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsadning mazmun-mohiyati, ayniqsa, unda ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga oid ustuvor vazifalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning Prezidentimiz tomonidan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinganligi o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarining intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularni tadbirkorlik sohasiga kengroq jalb etilishiga  yanada ko‘proq e’tibor qaratilishidan darak beradi. Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar avvalambor, yosh avlodni jamiyat hayotida siyosiy jihatdan faol, o‘z fikrini erkin ifoda eta oladigan,  huquqiy madaniyati yuksak fuqaro sifatida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

-Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning ilm-fan, yuqori texnologiyalarni mukammal egallashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, -deydi partiya Buxoro shahar Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Ruslan Zagretdinov. - Yoshlar bandligini ta’minlashda, ularning iqtisodiy mustaqillikka erishishi va hayotda o‘z o‘rinlarini topishida kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sohasining rivojlanishi eng asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa O’zLiDeP ning dasturiy maqsad va vazifalariga to‘la mos kelishi bilan ahamiyatlidir.

Deputatlar bilan jonli muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.  

 

  • Ko'rildi
    69
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+