Deputat ko‘magida 3 ta oila yarashdi

16.03.2024, 14:46

Deputat ko‘magida 3 ta oila yarashdi

Bugungi kunda oilaviy ajrimlar sabab qanchadan-qancha bolalarning ko‘zi yoshli, ruhi siniq holatda ulg‘aymoqda. Eng yomoni esa, er-xotin ajrashganidan keyin ham aliment pulining vaqtida to‘lanmasligi, yolg‘iz onalarning qiyin ahvolga tushib qolishi kabi yana bir nechta muammolarning kelib chiqishi birgina fuqarolarning emas, balki jamiyatning ham og‘riqli nuqtasiga aylanmoqda.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida xususan, Surxondaryo viloyatida 2810 ta ajrim qayd etilgani holat chindan ham jiddiy ekanligini isbotlaydi.

Ko‘pchilik qatorida O’zLiDeP deputatlarini ham o‘ylantirayotgan ushbu muammoga joylarda aholi bilan qilinayotgan suhbatlar, jamoatchilik kengashlarining nazorat tadbirlari davomida yechim topishga harakat qilinmoqda. Partiyamizdan Uzun tumani Kengashiga saylangan deputat Safargul Rajabova ham saylovchilari bilan muloqot jarayonida shunday muammoga duch keldi. Deputat tumandagi “Yangi yo‘l” mahallasida faollar bilan birgalikda ajrim yoqasida turgan oilalarni o‘rganishga kirishdi. Mahallada hozirda 1300 dan ortiq oila istiqomat qiladi va ularning 4 nafari ajrim yoqasida ekanligi ma’lum bo‘ldi.  Jarayonda  ularning 3 tasi yarashtirildi.

O’rganish davomida, xususan, shu mahallada yashovchi D.Roziqovning xonadonida ham o‘zaro kelishmovchilik sabab oila ajrim yoqasida ekanligi ma’lum bo‘ldi. Deputat mahalla faollari hamda partiyaning “Ayollar qanoti” vakillari bilan birgalikda, oila vakillari bilan suhbatlashdi. Hali voyaga yetmagan ikki nafar farzandining taqdiri nima kechishiyu bundan keyin keladigan muammolarning oqibatlari tushuntirilgach, oila ajrimdan saqlab qolindi.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    26
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+