“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi kashfiyotlari

05.06.2024, 11:38

“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi kashfiyotlari

O’zLiDeP “Ayollar qanoti” tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining mahallalar saralash bosqichi yuksak uyushqoqlik bilan tashkil etilyapti. Tanlovning Yakkabog‘ tumanidagi mahalla bosqichida yigirmadan ortiq mahallalarida faoliyat olib borayotgan tadbirkor, fermer, kasanachi, hunarmand ayollar ishtirok etdilar. Dastlab ishtirokchilar o‘zlari tayyorlagan mahsulotlar ko‘rgazmasini namoyish etdilar. Ko‘rgazma jarayoniga tumandagi kollej va maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchi qizlar ham tashrif buyurishib, tadbirkor ayollar faoliyati va tajribasi haqida ma’lumot oldilar. Deputatlar va partiya faollari tomonidan anjuman qatnashchilariga ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotan islohotlar berayotgan samaralar haqida batafsil ma’lumot berildi.     

         -Ishbilarmon ayol deganda bizning ko‘z o‘ngimizda dastlab vohamizning taniqli tadbirkor ayoli, O’zLiDeP  Yakkabog‘ tuman kengashi raisi, deputat Nargiza Salomova namoyon bo‘ladi, -deydi hakamlar xay’ati raisi, 75-maktab direktori, tuman kengashi deputati Feruza  Sattorova. – Chunki u bundan besh yil muqaddam mazkur tanlovning tuman va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgandi. Shundan so‘ng uning uchun omadlar eshigi ochildi desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Qator tanlovlarda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikki bor Prezident sovrini “Spark” avtomashinasi bilan mukofotlandi. Bugungi kunda uning “Sitora imkon plyus” o‘quv muassasasi vohada yagona hisoblanadi. Bu yerda minglab xotin-qizlar kasb-hunar o‘rganishib, o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishgan. Biz bugungi tadbirda ishtirok etgan yosh qizlarga uni “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi kashfiyoti sifatida e’tirof etdik.   

Hamida Meyliqo‘ziyeva 14 yildirki, “Rizo ota” fermer xo‘jaligini tashkil etib, paxta va g‘alladan mo‘l hosil olib kelmoqda. Mo‘‘jazgina bog‘ hosilga kirgan, daraxtlar qator oralariga sabzavot yetishtiriladi. 20 gektar maydondagi g‘alla maysalari yomg‘irlatib sug‘orish uskunalari yordamida suvlanmoqda. Fermer ayol o‘z xo‘jaligida 20 nafar mahalladoshlarini ish bilan ta’minlagan. 

         Samoq tog‘oldi hududida joylashgan qishloq bo‘lib, bu yerda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish anchayin mashaqqatni talab etadi. Munisa Nafisova esa qiyinchiliklardan cho‘chimaydigan ayollardan. “Munis” tikuv sexini ochib, hamqishloqlariga xizmat ko‘rsata boshlagach, ular 30 km yo‘l bosib, xarajat qilib Yakkabog‘ qo‘rg‘onchasidagi tikuvchilarga qatnamay qo‘yishdi. Har uch oyda 20 nafar o‘quvchi qizlarga kashtachilik, tikuvchilik, hunarmandchilik sirlarini  o‘rgatib, o‘z-o‘zini bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi. Seroblik Yayra Eshova sovundan gullar tayyorlashni o‘zlashtirgan. O’zidan xushbuy ifor tarqatayotgan bu mahsulotlarning xaridorlari bisyor ekan. Tadbirning o‘zida barcha mahsulotlariin sotishga ulgurdi.

         Madina Ziyoyeva Ishkent qishlog‘ida yashaydi. Tuman markazidan 58 kilometr uzoqlikda joylashgan bu maskanda tikuvchilik sexi tashkil etgan. “Quroqchilik maktabi”da 19 nafar yosh qizlar hunar o‘rganishayapti. Xonadonida 60 bosh  parranda mavjud bo‘lib,  har yili o‘ttiz oila jo‘ja ochiradi va hamqishloqlariga sotadi. Ayg‘irko‘llik E’zoza Rayhonova  matodan ishlab chiqarayotgan  milliy qo‘g‘irchoqlar, Gulchehra Nazarova tikayotgan ayollar sumkalari, Qasnoqli qishlog‘ida yashovchi Feruza Meyliyeva yaratayotgan tilla qosh, biser naqshlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Dilfuza Xolxo‘jayeva jundan arabi, qoqma gilamchalar to‘qib, xorijlik tadbirkorlarga sotib kelayotir. Bir donasi 600 ming so‘mga baholanayotgan bu gilamchalarning 100 donasini Qozog‘istonlik tadbirkorlar xarid qilishibdi. Jun mahsulotini unga chiroqchilik chorvadorlar yetkazib berishayapti. Tadbirda har yili 2 quti ipak qurti parvarish qilib, 200 kgdan oshirib pilla hosili terib olayotgan olako‘ylaklik Munisa Qo‘chqorovaning tashabbuskorligi ham alohida e’tirof etildi.

Viloyat kengashi mas’ul xodimlari, “Ayollar qanoti” guruhi a’zolari, deputatlar  ishtirokida o‘tkazilayotgan saralash jarayonida tumandagi boshqa mahallalarda ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning faoliyati o‘rganilib, tanlovning tuman bosqichida ishtirok etishga munosiblari saralab olinib, partiya esdalik sovg‘alari topshirildi.  

  • Ko'rildi
    33
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+