O’ZARO MANFAATLI ALOQALAR YANGI BOSQICHGA KO’TARILADI

13.06.2024, 12:19

O’ZARO MANFAATLI ALOQALAR YANGI BOSQICHGA KO’TARILADI

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan tub islohotlarda -dunyodagi yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan strategik sheriklik va o‘zaro manffatli hamkorlikni shakllantirish -O’zbekiston tashqi siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Buni Turkiya Respublikasi bilan taboro rivojlanib, mustahkamlanib borayotgan o‘zaro munosabatlarda ham yaqqol ko‘shirishimiz mumkin.

Ma’lumki, Turkiya O’zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan ishonchli hamkor davlatlardan biri hisoblanadi. Ikki qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiq, madaniy-ma’rifiy aloqalar yil sayin o‘isb, mustahkamlanib bormoqda. Misol uchun, so‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 1,5 baravarga, qo‘shma korxonalar soni 2 baravarga, investitsiyalar 2,5 baravarga oshgan. Ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida haftasiga 90 ta havo qatnovi amalga oshirilmoqda. 2024 yil boshidan buyon O’zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tashqi savdo hajmi 920 mln. dollarni tashkil etdi. O’zbekistonning joriy yilning 4 oyida Turkiyaga eksporti hajmi 378 mln. dollarga yetdi. Shunday qilib, bugungi kunda Turkiya O’zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalari O’zbekiston bozorida faol ish olib bormoqda. Turk biznesi ishtirokida 100 dan ortiq loyiha samarali amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning Turkiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim tarixiy voqea bo‘ldi.

Muzokaralar davomida O’zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, ko‘p qirrali hamkorlikni, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif doirasida 10 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yangi o‘sish nuqtalari va maxsus sanoat klasterlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlashga kelishib oldilar.

Energetika, tog‘-kon, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, sog‘liqni saqlash, turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi intilishlar qat’iy ekani bildirildi.

Ikki mamlakat hukumatlariga logistika va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish, mavjud transport yo‘laklaridan samarali foydalanish va biznes aloqalarini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.

Davlatimiz rahbari qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini va uning ilk yig‘ilishi bugun ikki davlat rahbarlari boshchiligida o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Mintaqaviy masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Xalqaro maydonda yaqin hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni, jumladan, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlikni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.

Prezidentlar G’azo sektorida zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatish va Falastin-Isroil muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish zarurligini yana bir bor ta’kidladilar.

Umuman olganda, muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya va 19 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.

Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi yakunida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, imtiyozli savdo, energetika bozorini tartibga solishga oid ikki tomonlama hujjatlar hamda Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.

Prezidentlar ilk bor yetakchi korxona va kompaniyalar rahbarlari bilan qo‘shma uchrashuv o‘tkazdilar.

Shuningdek, Davlatimiz rahbarini Turkiyaning oliy davlat mukofoti – “Turkiya Respublikasi Davlat ordeni” bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Turkiyaning oliy davlat mukofotini O’zbekiston yetakchisiga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tantanali ravishda topshirdi.

Ushbu oliy mukofot Turkiya Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq Turkiya bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan davlat arboblariga beriladi.

 

Erkin XOLMATOV

O’zLiDeP Jizzax Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi

O’zLiDeP deputatlik guruhi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    20
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+