Ijtimoiy farovonlik — taraqqiyot ko‘zgusi

05.06.2024, 11:04

Ijtimoiy farovonlik — taraqqiyot ko‘zgusi

Bugun mamlakatimiz aholisining ijtimoiy va moddiy farovonlik ko‘rsatkichlari yil sayin yuksalib borayotganini anglash uchun yon-atrofimizga boqish kifoya. Shahar va qishloqlarimizda, ayniqsa, rivojlanish epkinlaridan doimo yiroq bo‘lib kelgan olis, chekka hududlarimizda ham ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmaning davr talablariga hamohang tarzda yangilanayotgani, bu yerlarga sanoat, ishlab chiqarishning kirib borayotgani, yangi ish joylari ochilayotgani, aholining bandlik darajasi ko‘tarilishi barobarida turmush sharoiti ham izchil yaxshilanayotgani quvonarli.

Jumladan, Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, respublikamizda 2023-yil 1-yanvar holatiga fuqarolarning uy-joy bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichi har bir aholiga umumiy yashash maydonidan o‘rtacha 18,5 kvadrat metrni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 0,3 kvadrat metrga oshgan. MDH davlatlari orasida esa O‘zbekiston aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha 7-o‘rinda. Agar yurtimizda aholi nufuzi va shunga mos ravishda yangi oilalar soni jadal o‘sayotganini inobatga olsak, bu chindan ham salmoqli ko‘rsatkich, zalvorli natijadir. Yoki 2024-yilning 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan avtomobillar soni 4 mln. 20 ming 744 taga yetgan. Vaholanki, bundan ikki yil oldin mazkur raqam 3 milliondan sal oshiq bo‘lgan.

Mana shu dalillarning o‘ziyoq davlat va jamiyatimiz hayotida inson manfaatlari yo‘lida ro‘yobga chiqarilayotgan keng qamrovli islohotlar yorqin o‘zgarishlarga, odamlarimizda ijtimoiy ko‘tarinkilikka turtki berayotganini isbotlaydi. Aslida bugun jahon miqyosida iqtisodiy beqarorlik, keskinlik, geosiyosiy qarama-qarshiliklar ortgan, bashariyat taqdiriga daxldor masalalarda o‘zaro muloqot izdan chiqqan bir sharoitda bunga erishish oson bo‘lmayotgani ham rost.

Yodingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbari 2023-yili 19-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston global tahdidlarga qaramasdan, barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotganini ta’kidlagan edi. Keltirilganidek, so‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko‘paydi. Bosh maqsad esa, 2030-yilga qadar bu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga oshirishdir. Aholi turmush darajasini ko‘tarishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017-yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. 2030-yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilingan.

Ushbu vazifalar Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq 2023-yil 12- sentyabridan kuchga kirgan “O‘zbekiston-2030 ” strategiyasida ham aniq-ravshan belgilab qo‘yilgan. Beshta ustuvor yo‘nalishda yuzta aniq maqsadni qamrab olgan ushbu hujjatda aholini sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash ko‘lamini kengaytirish borasida ham mana shunday tugal yechimlar ko‘zda tutilganki, bularning bari pirovardida odamlarning ma’murchilikda yashashiga, jamiyatda nekbin kayfiyat hukm surishiga zamin yaratayotir.

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olishni, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadni 4 ming dollarga yetkazishni nazarda tutadi. Bunday yuksak marraga erishish yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlar natijadorligi yil sayin yaqqol namoyon bo‘lib bormoqda. Raqamlarda keltirilishicha, o‘tgan yili yurtimizda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 29,3 mln. so‘m yoki 2494 dollarga yetdi. O‘rtacha oylik nominal ish haqi 4 mln. 551 ming so‘mni tashkil etdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, butun dunyo mamlakatlarida har yili aholi jon boshiga milliy daromadni hisoblab chiqadigan Jahon banki metodologiyasida barcha davlatlar va hududlar uchta toifaga bo‘lingan. Unga ko‘ra, aholi jon boshiga daromadi yuqori bo‘lgan mamlakatlar (12 616 dollar va undan yuqori), aholi jon boshiga o‘rtacha daromadga ega mamlakatlar (1036 dollardan 12615 dollargacha), aholi jon boshiga daromadi past bo‘lgan mamlakatlar (1035 dollar va undan past) hisoblanadi. Shu ma’lumotdan ham ko‘rinadiki, hozirning o‘zidayoq strategik maqsadlarga erishish bo‘yicha aniq natijalar mavjud.

Joriy yilda esa iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy investitsiyalar jalb qilish ko‘lamini kengaytirish orqali hududlarda naq 35,5 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi. Natijada 309 ta yirik ishlab chiqarish quvvati barpo etilib, 36 mingta ish o‘rni ochiladi. Bu, tabiiyki, iqtisodiy o‘sishga va aholi daromadlari oshishiga xizmat qiladi.

Eng asosiysi, islohotlarning asosi ta’lim va ilm-fan rivoji bilan mustahkamlanayotganidir. Inson resurslarini rivojlantirish masalasining ustuvor bo‘lishi qo‘shimcha qiymat yaratishda muhim omil hisoblanadi.

2019-2023-yillar oralig‘ida moliya va sug‘urta faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2,77 barobarga (4,8 mln. so‘mdan 13,8 mln. so‘mga), axborot va aloqa sohasida 2,67 barobarga (3,9 mln. so‘mdan 10,6 mln. so‘mga) oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 95 foizni (1,5 mln. so‘mdan 3 mln. so‘mga), ta’lim sohasida 69 foizni (1,8 mln. so‘mdan 3,1 mln. so‘mga) tashkil etgan. Ammo bu raqamlar biz uchun hayot-mamot masalasiga aylangan ta’lim-tarbiyaga, bu sohada faoliyat yuritayotganlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor sust degan fikrni uyg‘otmasligi kerak. Chunki, aynan soha xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2 barobarga ko‘tarish, tarbiyachi va o‘qituvchilarni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimini takomillashtirish borasida aniq maqsadlar belgilab olingan. Bundan tashqari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Unga asosan, OTM professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlari moddiy rag‘batlantirish pul mukofotlari ko‘rinishida, shuningdek, mehnat faoliyatida yuqori ijodiy va ishlab chiqarishdagi erishgan yutuqlari uchun oliy ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan asosiy ish haqiga ustama va qo‘shimcha haqlar belgilash orqali budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi. Pul mukofotlari, ustamalar va qo‘shimcha haqlar miqdori har bir xodimning oliy ta’lim muassasasi faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirishga qo‘shgan shaxsiy hissasiga qarab belgilanadi.

Yaxshi eslaymiz, bir zamonlar aholi o‘rtasida kambag‘al qatlam mavjud bo‘lsa-da, bu xususida lom-mim deyishga haddimiz sig‘mas edi. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deganlaridek, bunday noo‘rin sukut oxir-oqibat ijtimoiy hayotimizda qator illatlarni keltirib chiqargani sir emas. So‘nggi yillarda esa jamiyatimizda kambag‘allik borligi nafaqat tan olindi, balki uni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilindi. Yurtimizdagi barcha tumanlar sharoitiga ko‘ra 5 ta toifaga ajratilib, tabaqalashgan yengilliklar berildi. Aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, kasbga tayyorlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgan kompleks vazifalar ijrosiga kirishildi.

Ezgu niyat va ezgu amallar o‘z natijasini ko‘p ham kuttirgani yo‘q. Chunonchi, yurtimizda kambag‘allik darajasi 2023 yil davomida 14 foizdan 11 foizga kamaygani e’lon qilindi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan qayd etilishicha, kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda kuzatilgan. Sirdaryo (19,5 foizdan 13,8 foizgacha), Andijon (17,4 foizdan 11,9 foizgacha) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (19,9 foizdan 13,7 foizgacha) sezilarli darajada qisqargan. “2023-yilda jami 4,1 mln. aholi, shundan 2,3 mln. nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarida, 112,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlarida, 1,6 mln. aholi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga bandligini ta’minlashga erishildi. Hokim yordamchilari ko‘magida 241,3 ming nafar fuqaroga ijara asosida yer maydonlari ajratildi. “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 6 ming 745 ta tadbirkorlik subyekti bilan 455 ming nafar kishining bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi. Shuningdek, 472 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 10 trln. so‘m imtiyozli kreditlar va 73 ming nafar ishsiz fuqarolarga 356 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. Mahallabay ishlash asosida 51 mingta mikroloyiha amalga oshirilishi natijasida 206 mingta ish o‘rinlari yaratildi. 181 ming nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi va 183,8 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi”, – deyiladi vazirlik taqdim qilgan xabarda.

***

Garchi mamlakatimizda pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordamning boshqa turlari miqdori rasman belgilab qo‘yilgan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi Asosiy Qonunimizda ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, yillar davomida bu me’yorni amalda ta’minlashning imkoni bo‘lmadi. 2016-yilda, boshqacha aytganda, yangi islohotlar davriga kelib bu borada natijador va haqchil tizim yaratildi. Ilg‘or tajribalar asosida minimal iste’mol xarajatlari miqdori belgilandi, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori o‘tgan yetti-sakkiz yilda bir necha marta oshirildi. Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, ish haqi va pensiyalarni oshirish orqali ijtimoiy barqarorlikni kafolatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish choralariga ustuvor e’tibor qaratayotgani inkor etib bo‘lmas faktdir.

Ish haqi va pensiyalar haqida so‘z borganda, bu minglab emas, millionlab insonlar hayotiga daxldor masala ekanini chuqur anglaymiz. Ahamiyatlisi, 2016- yildan boshlab fuqarolarning moliyaviy farovonligini oshirishga qaratilgan jadal va tizimli chora-tadbirlar amaliyotga yo‘naltirilayotgani ana shu millionlab insonlar hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirayotgani hayotiy haqiqat.

Qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, 2016-yildan boshlab eng kam pensiya va ish haqining barqaror o‘sishi qayd etilgan. Masalan, 2023-yilda pensiya va ish haqining eng kam miqdori 7 foizga oshirildi. Bu o‘sish 4,4 million nafardan ortiq pensionerlar va 2 milliondan ortiq budjet tashkilotlari xodimlari turmush farovonligini yangi bosqichga olib chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, bu iste’mol bozorida ichki talabni ham rag‘batlantirib, butun mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ish haqi va pensiyalarni to‘lash jarayoniga zamonaviy raqamli texnologiyalarning joriy etilgani esa ushbu jarayonning shaffof va samarali bo‘lishini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi. Mehnatga haq to‘lash qonun bilan qat’iy tartibga solinib, har bir kechikkan kun uchun ish beruvchi kompensatsiya to‘lashi yo‘lga qo‘yildi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, ish haqi va pensiyalar miqdoridagi ko‘tarilish fonida qashshoqlikni kamaytirish va umumiy farovonlikni yaxshilash jarayoni ham uzviylik kasb etmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, iste’molchi faolligi ortishiga, ijtimoiy barqarorlikning mustahkamlanishiga olib keladi. Barqaror rivojlanishining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan aholi daromadlarini yanada oshirish uchun shart-sharoit yaratish borasidagi ishlar davom etmoqda.

Shu bilan birga davlat oldida turgan muammolarni ham hisobga olish kerak. Inflyatsiya va valyuta kursining o‘zgarishi nominal daromadning o‘sish sur’atini susaytirishi mumkin. Shu bois ish haqi va pensiyalarni oshirish chora-tadbirlari narxlarni barqarorlashtirish va aholining xarid qobiliyatini barqarorlashtirishga qaratilgan kompleks iqtisodiy siyosat yuritishni taqozo etadi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda ish haqi va pensiyalarni oshirish siyosati davlatning aholining barcha qatlami uchun munosib turmush darajasini ta’minlashga intilishidan dalolat beradi. Bu ijtimoiy adolatning muhim omili va ijtimoiy sohani boshqarishga mas’uliyat bilan yondashishning amaliy in’ikosidir.

Yana bir muhim masala. Mamlakatimizda pensiya va maoshlarni oshirishdan tashqari, mehnat sharoitlarini yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratishga ham e’tibor qaratilmoqda. Bu nafaqat fuqarolarga qo‘shimcha daromad keltirmoqda, balki iqtisodiyotni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish va xalqaro miqyosda raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qilyapti.

Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish sohasini yangilash iqtisodiy siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu esa o‘z navbatida aholining katta qismi — yoshlar uchun ish o‘rinlarini yanada jozibador qilishda, mehnat migratsiyasiga qarshi kurashishda muhim omil bo‘layotir.

Ijtimoiy infratuzilma, jumladan, sog‘liqni saqlash, ta’lim va uy-joy qurilishi ta’minlangani ham aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu sohalarning rivojlanishi fuqarolar daromadlarining oshishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, farovon, istiqbolli jamiyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni chog‘da aholining real xarid qobiliyatini pasaytiradigan inflyatsiya jarayonlarini ham hisobga olish muhimdir. Shu nuqtayi nazardan, ish haqi va pensiyalarni muntazam va yetarli darajada oshirish davlat ijtimoiy siyosatining asosiy elementi hisoblanadi.

Aholining turmush sifatini yaxshilash, iqtisodiy-ijtimoiy farovonlikni yuksaltirishda hal qiluvchi sektor hisoblangan xususiy tadbirkorlik muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani, imtiyoz va preferensiyalarning taqdim qilinayotgani innovatsion faollikning oshishiga xizmat qilmoqda, bu esa uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotning asosidir.

Joriy yilda ishbilarmonlarga yanada ko‘proq qulayliklar muhayyo etiladi. Bu 5 million nafar yurtdoshimizning bandligini ta’minlashda juda qo‘l keladi. Ayni maqsadlar uchun 83 trillion so‘m va 275 million dollar miqdorida kredit hamda subsidiyalar yo‘naltiriladi.

Bugun yurtimizda inson manfaatlari ustuvorligi yo‘lida hayotga tatbiq qilinayotgan islohotlar negizida jamiyatda tengsizlik va kambag‘allik xavfini yumshatish, fuqarolarning bandligi va daromad ko‘rsatkichlarini oshirish, har bir insonning munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadlari turibdi. O‘z salohiyati, layoqati hamda intilishi bilan davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan kishilarning daromadi ham, ro‘zg‘oridagi barakayu ish faoliyatidagi unumdorlik ham havas qilarli darajada bo‘lishi muqarrar.

 

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    40
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+