SELEKSIONER OLIMLAR – MILLAT BOYLIGI

06.06.2024, 10:45

SELEKSIONER OLIMLAR – MILLAT BOYLIGI

SELEKSIONER OLIMLAR – MILLAT BOYLIGI

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi dehqonchilik tarmog‘ining asosiy va serdaromad sohalaridan biri paxtachilik hisoblanadi. Yurtimizda bu borada ulkan va bebaho tajribalar to‘plangan, seleksioner olimlarimiz tomonidan yuksak ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, keyingi yillarda yuqori hosilli, kasallik va zararkunandalarga chidamli, tuproq sho‘rlanishi, garmsel, suvsizlik kabi noqulay omillarga bardoshli, tezpishar, tola chiqimi bo‘yicha davlat standarti talablariga javob beradigan g‘o‘za navlari yaratilgan va yaratib kelinmoqda. Hukumatimiz tomonidan g‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligiga doir ko‘plab me’yoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi va joriy etilishi esa bu borada amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaldagi ifodasidir.

Jumladan, 2002 yil 29 avgustdagi  “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi qonunda yangi nav mualliflarining mualliflik huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydigan huquq ekani va muddatsiz himoya qilinishi belgilab berilgan. Seleksiya yutug‘idan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquq patent egasiga tegishlidir. Manfaatdor shaxs muhofaza qilinayotgan seleksiya yutug‘ining urug‘lik, ko‘chat yoki nasl materialini yetishtirish va ko‘paytirish, nav yoki nasllik konditsiyasiga yetkazish, sotish uchun taklif qilish, sotish va boshqa usullarda o‘tkazish, O’zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish yoki olib kirish yoxud yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlarda saqlash uchun patent egasining ruxsatini olishi kerak. Bu esa seleksioner olimlarimizning intelektual mulki davlat tomonidan muhofaza qilinishini ta’minlaydi.

Seleksioner yaratgan har qanday yangi nav va zotlar ishlab chiqarishda foydalanilganida foydaning ma’lum bir qismi ularga to‘lab beriladi. Buning natijasida olimlarning moddiy ahvoli yanada yaxshilanib, ularning ijodiy ishlariga ijobiy turtki beradi, yangidan-yangi navlarni yaratishi uchun zamin yaratadi.  2019 yil 16 fevralda qabul qilingan “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi qonunda ham ana shunday muhim masalalar to‘g‘risida bayon etilgan. Shuningdek, Prezidentimizning 2023 yil 15 dekabrdagi “Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan belgilangan navni yangilash sxemalarini hamda urug‘lik chigitni ko‘paytirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda sifatli va raqobatbardosh urug‘liklarni yetishtirish maqsadida mahalliy nav originatorlari va urug‘chilik sub’ektlari (klasterlar, kooperativlar, fermer xo‘jaliklari va boshqalar) o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvlar asosida litsenziya shartnomasini tuzish orqali elita va yuqori avlodli urug‘liklarni yetishtirish, o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish, ichki va tashqi bozorda sotish yo‘lga qo‘yiladi.

Respublikamizda ko‘paytirilayotgan navlar urug‘larining navdorligi, ekish va hosildorlik sifatlarini saqlashga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini tayyorlash, saqlash va qayta ishlash bo‘yicha ichki nazorat xizmati tashkil etilgan. Aytish joizki, urug‘chilikning asosiy vazifalari qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘chilik bazasini yaratish, qishloq xo‘jaligini serhosil va yuqori sifatli urug‘lar bilan ta’minlash, navni yangilash va almashtirish jarayonida biologik va qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlarini saqlab qolishdir. Bundan tashqari, sifat ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, mamlakatimiz va jahonning qimmatli genofondini saqlab qolish hamda undan samarali foydalanish, urug‘chilikka jahon tajribasi yutuqlarini joriy etish sohaning muhim shartlaridan hisoblanadi.

Bugungi kunda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutidagi ustozlarim bilan birgalikda g‘o‘za o‘simligining yangi kasallik va zararkunandalarga bardoshli, qurg‘oqchilikka chidamli, yuqori hosildor va tezpishar navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib boryapman. Ana shunday tadqiqotlarimiz samarasida g‘o‘zaning S-6590 va S-8296 seleksion navlarini yaratishga muvaffaq bo‘ldik va hozirda bu navlar Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi keng maydonlarda ekilmoqda. Eng muhimi, undan yuqori hamda sifatli tola olinishiga erishilmoqda.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi,

Paxta seleksiyasi va urug‘chiligi ilmiy tadqiqot instituti

kichik ilmiy xodimi,

mustaqil tadqiqotchi.

 

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    33
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+