MUQOBIL ELEKTR ENERGIYA YOXUD GEOTERMAL USULI XUSUSIDA AYRIM KUZATUVLAR

06.06.2024, 11:20

MUQOBIL ELEKTR ENERGIYA  YOXUD GEOTERMAL USULI XUSUSIDA AYRIM KUZATUVLAR

Zamon o‘zgarishlari, texnik taraqqiyotning keskin rivojlanishi va yer yuzi aholisining o‘sib borayotgani ko‘pgina resurslarni ishlab chiqarishga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Ko‘ryapmizki, bugungi kunda ayniqsa muqobil energiya ishlab chiqarish bo‘yicha butun dunyo olimlari, mutaxassislari jiddiy izlanishlar olib borishmoqda. Xo‘sh, bu borada O’zbekistonda qanday choratadbirlar ko‘rilyapti?

Sir emas, muqobil energetika islohotlari qolgan boshqa sohalarga ham bevosita ta’sir qiladi. Masalan, sanoatda  o‘ziga xos “inqilob” yasagan Xitoy 2021 yildagi ko‘rsatgichlarga ko‘ra, elektr ishlab chiqarishda yetakchi bo‘lgan 76 ta davlat ishlab chiqargan hajmning 30 %ini, AQSh esa 15,5 %ini tashkil qilgan. Shu bilan birga, ular qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqarishda ham oldingi o‘rinlarda turadi. Yoki 2021 yilda Xitoy ishlab chiqargan elektr energiyaning 13,5 %i (1152,5 Tv) muqobil energiya hisobiga to‘g‘ri keladi.

Boshqa mamlakatlarda esa  yashil energiya ko‘p hajmda ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, lekin bu an’anaviy usulda olinadigan elektr hajmidan ancha past. E’tiborli jihati, qayta tiklanuvchi energiyadan keng miqyosda foydalanadigan davlatlar orasida baribir Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Gollandiya,  Avstraliya va Braziliya yetakchilik qilmoqda. Dunyo bo‘ylab energiya ishlab chiqarishning turli xil usullari bor. Lekin ular orasida geotermal usuli eng kam o‘rganilganini inobatga olib, biz bugun shu mavzuda so‘z yuritmoqqa harakat qilamiz.

Ma’lumki, geotermal energiya yer qobig‘idagi issiqlik energiyasi bo‘lib, sayyoraning shakllanishi va materiallarning radioaktiv parchalanishidan paydo bo‘ladi. Yerning ichki qatlamidagi yuqori harorat va bosim ba’zi jismlarning erishi va qattiq siqilishi natijasida ular yuqoriga qarab harakatlanadi. Ana shu maydondagi harorat, tasavvur qilyapsizmi,  4 000 °C (7 200 °F) dan oshishi mumkin ekan.

Qayta tiklanadigan elektr energiyasini ishlab chiqarish manbalariga talab o‘sishda davom etar ekan, demak, geotermal energiyaga ehtiyoj juda katta va u muhim ulushga aylanishi mumkin.

Energiya manbasini qayta ishlash uchun uchta turdagi geotermal elektr stansiyalar mavjud – quruq bug‘ elektr stansiyalari, chaqqon bug‘ elektr stansiyalari va ikkilik siklli elektr stansiyalari.

Geotermal energiyaning doimiy va prognoz qilinadigan mavjudligi, nisbatan arzonligi va kichik uglerod izi bilan birga yashil energiyaga o‘tishning bir qismi sifatida uni kelajak uchun jozibador quvvat manbaiga aylantiradi.

Eng ko‘p geotermal stansiyalarga ega davlat AQSh hisoblanadi. Kaliforniya shtatida 22 ta geotermal zavoddan iborat Geyzerlar deb nomlanuvchi dunyodagi eng katta geotermal majmua joylashgan.

Umuman XX asrdayoq elektr energiyasiga bo‘lgan talab geotermal energiyani ishlab chiqarish zaruratini paydo qilgan edi. O’tmish manbalarida yozilishicha, shahzoda Piyero Ginori Konti birinchi geotermal elektr generatorini 1904 yil 4 iyulda geotermal kislota qazib olish boshlangan Larderello quruq bug‘ konida sinovdan o‘tkazgan. Shahzoda o‘shanda  to‘rtta “lampochka” – chiroqni muvaffaqiyatli yondirgan ekan. Keyinchalik, 1911 yilda Amerikada dunyodagi birinchi tijorat geotermal elektr stansiyasi quriladi. Va shu-shu bu g‘aroyib usul ommalasha boshlaydi.

Gidrotermal resursning harorati taxminan 104C va undan yuqori bo‘lsa, elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun ishlatilishi mumkin. Ko‘pgina elektr energiyasini ishlab chiqaradigan geotermal resurslar 150 dan 370C gacha bo‘lgan haroratga ega, ammo geotermal suv omborlari deyarli 540C ga yetishi mumkin.

Geotermal energiya resursidan foydalanish nazariy jihatdan juda qulaydek tuyuladi. Ammo tabiat in’om etgan ne’matlardan foydalanishning nozik jihatlarini ham o‘ylab ko‘rish lozim. Bu borada turlicha qarashlar hamon saqlanib turibdi.

Savol tug‘iladi: Geotermal usuldan foydalanishning afzalliklari nimada?

Avvalo u ekologik toza ekanligi bilan  ajralib turadi. Geotermal energiya an’anaviy yonilg‘i, masalan, ko‘mir va boshqa qazib olinadigan yonilg‘ilarga qaraganda ekologik jihatdan ancha foydali. Bundan tashqari, geotermal elektr stansiyasining uglerod izi past va ishlab chiqarish bilan bog‘liq ba’zi ifloslanish darajasi bo‘lsa-da, bu nisbatan minimal miqdordadir.

Asosiysi, u qayta tiklanadi! Ya’ni tabiiy energiya manbai bo‘lib, taxminan 5 milliard yil ichida Yer quyosh tomonidan yo‘q qilinmaguncha davom etaveradi. Chunki biz yashab turgan zamindagi “issiq suv ombor”lari tabiiy ravishda to‘ldiriladi va bu uni qayta tiklayveradi.

Yana bir afzallik jihati, barqarorligidir! Geotermal usul shamol va quyosh energiyasi kabi boshqa qayta tiklanadigan manbalarga qaraganda ishonchli energiya manbaiga ega, ya’ni ulardan farqli o‘laroq, istalgan vaqtda foydalanish imkoniyati mavjud.

Albatta, boshqa manbalarga qaraganda ishonchli! Bunda ishlab chiqarilgan energiyani hisoblash oson, boshqalari kabi o‘zgarib turmaydi. Bu shuni anglatadiki, biz yuqori aniqlik bilan geotermal stansiyadan chiqadigan quvvatni taxmin qilishimiz mumkin.

Eng qulay va afzalligi yonilg‘i talab qilinmaydi! Nega desangiz, geotermal energiya tabiiy manba bo‘lib, yonilg‘iga umuman ehtiyoj yo‘q! Noqulayligi yo nuqsonlari ham bormi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Albatta, bor, lekin ular bu usulning foydali hamda har qanday davlat uchun tejamkorligiga aslo soya sololmaydi deb o‘ylaymiz. Kamchiliklarini ham sanab o‘tishimiz lozim. Geotermal energiyaning eng katta kamchiligi uning joylashuvi cheklanganidir. Chunki geotermal stansiyalarni imkoni boricha energiya olish qulay bo‘lgan joylarda qurish kerak, ya’ni ayrim hududlar ushbu resursdan foydalana olmaydi.

Atrof-muhitga salbiy ta’siri bormi? Geotermal energiya odatda issiqxonalardagidek zaharli gazlar chiqarmasa-da, qazish jarayonida, tabiiyki, atmosferaga kam miqdorda zararli gazlar tarqaladi. Ammo gaz chiqindilari qazilma yonilg‘ilarnikidan ancha past.

         Albatta, bu usul yaxshigina  xarajattalab ekanini ham unutmaslik kerak. Boisi, geotermal energiya qimmat manba bo‘lib, 1 megavatt quvvatga ega stansiyaning narxi taxminan 2-7 million AQSh dollari atrofida o‘zgarib turishi mumkin. Biroq xarajatlar uzoq muddatli investitsiyalarning bir qismi sifatida qoplanish ehtimoli yuqoriroq.

Eng muhim jihatlardan yana biri, geotermal energiya barqarorligini saqlab qolish uchun uni to‘g‘ri boshqarish kerak.

         O’ylaymizki, bu dunyoda aslida yechimsiz muammoning o‘zi yo‘q. Bizning mamlakatimizda esa, ayonki, Mendeleyev jadvalidagi deyarli barcha elementlar mavjud. Hamma gap ulardan aqlni to‘g‘ri yo‘naltirib, ilmiy salohiyat orqali  oqilona foydalanish lozim. Shu ma’noda biz bugun so‘z yuritgan mavzu ham xalqimizning yaqin kelajakdagi hayotini yanada farovonlashuvida mustahkam poydevor vazifasini o‘tashiga zarracha shubhamiz yo‘q.

Dilshod ShOUMAROV,
O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    40
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+