O’zbekiston-Koreya munosabatlarida yuqori texnologik va innovatsion sheriklikning yangi davri boshlanmoqda

15.06.2024, 11:53

O’zbekiston-Koreya munosabatlarida yuqori texnologik va innovatsion sheriklikning yangi davri boshlanmoqda

1992 yilda Koreya Respublikasi va O’zbekiston Respublikasi o‘rtasida  diplomatik munosabatlar o‘rnatildi, 2019 yilda esa, hamkorlik  maqomi  alohida strategik  sheriklik  darajasiga ko‘tarildi.

Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan so‘ng, investitsiya sohasidagi hamkorlik katta muvaffaqiyatlarga erishganini alohida ta’kidlaymiz. Bugungi kunda Koreya sarmoyasi hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi. Ayni damda, 9,6 milliard dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.

Mamlakatimizda energetika, kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va boshqa sohalarda 726 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.  2017  yildan buyon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,4 mlrd dollardan 2,5 mlrd dollargacha oshib, 1,7 barobar ortdi. 2023 yilda O’zbekiston tovar aylanmasida Koreya Respublikasining ulushi 3,7 foizni tashkil etdi. 2024  yilning yanvar-aprel oylarida tovar ayirboshlash hajmi 695 mln. dollarga yetdi. Hozirgi kunda O’zbekistonda 736 ta investitsiya kompaniyasi, jumladan LOTTE Chemical, POSCO International Textile, KT, GKD, Bank KDB, Lotte Hotel, Samsung Electronics va boshqa kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida katta yutuqlarga erishildi, xususan Bolalar milliy tibbiyot markazi, KOICA kasbiy ta’lim  markazlari ochildi.

2023 yil noyabr oyida Koreya Respublikasi va O’zbekiston Respublikasi o‘rtasida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Hujjat iqlim o‘zgarishiga o‘z vaqtida javob berish  maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yashil iqtiodiyotni  rivojlantirish  sohasida  qo‘shma ishlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Ta’lim sohasi ham Koreya-O’zbekiston hamkorligining tobora kengayib va chuqurlashib borayotgan muhim  sohasi sifatida alohida ajralib turadi. Masalan,O’zbekistonda «Inxa», «Adju» va «Puchxon» kabi uchta  koreys universiteti samarali faoliyat yuritmoqda. O’z navbatida, Koreya Respublikasida «Xankuk» chet tillari universiteti, Tegu shahridagi  «Kemyon» va  Pusan chet tillari universitetida mintaqamiz bilan bog‘liq  fakultetlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

2022 yildan buyon Tegu shahri  va  Buxoro viloyati o‘rtasida (2022 yil avgust), Inchon shahri va Farg‘ona viloyati o‘rtasida (2022 yil dekabr), Chunnamdo  provinsiyasi va Farg‘ona viloyati o‘rtasida (2023 yil mart), Pusan va  Samarqand shaharlari o‘rtasida (2023 yil avgust), Kyonsan va  Namangan shaharlari o‘rtasida (2023 yil avgust), Kvandju va  Samarqand shaharlari o‘rtasida (2023 yil oktabr) do‘stona hamkorlik  to‘g‘risida 6 ta bitim  imzolandi.

O’zbekiston-Koreya munosabatlarini rivojlantirishda koreys diasporasi alohida o‘rin tutadi. O’zbekistonda 170 mingdan ziyod koreys istiqomat qiladi, bu Markaziy Osiyoda yashayotgan koreyslar umumiy sonining eng katta ko‘rsatkichidir.  Mamlakatimiz yuksak bag‘rikenglik va davlat boshqaruvining  dunyoviyligi bilan ajralib turadi. O’zbekistondagi koreys millati fuqarolari o‘zbek jamiyatida tinch-totuv yashab, 2030 Strategiyasini amalga  oshirishga  munosib hissa qo‘shishmoqda. Ishonchimiz komilki, 2027 yilda O’zbekistonda koreys diasporasi istiqomat qilayotganining 90 yilligi keng nishonlanadi. 

Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning  O’zbekistonga amalga oshirgan davlat  tashrifi  davomida bu va boshqa masalalar muhokama qilindi. Dastlab Koreya Respublikasi Prezidenti Bosh vazir Abdulla Aripov hamrohligida poytaxtimizdagi "U-ENTER" innovatsion tadbirkorlik markazida bo‘ldi. 

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Koreya axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish agentligining qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan "U-ENTER" innovatsion tadbirkorlik markazi Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi asosida o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlarga o‘z biznes loyihalarini amalga oshirishlari uchun har tomonlama ko‘mak berishga mo‘ljallangan.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Yun Sok Yol bilan turli yo‘nalishlarda, jumladan, energetika va infratuzilma, sog‘liqni saqlash va tibbiyot, iqlim va atrof-muhit, fan-texnika, ta’lim kabi sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishni muhokama qilindi. Prezidentlar kelgusi uch yilga O’zbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligini ta’kidladilar.

Xususan, davlatimiz rahbari buni “Ikki mamlakatning yuqori texnologiyali va innovatsion hamkorligining yangi davri” deb e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi. Shu munosabat bilan hukumatlarga O’zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xab yaratish bo‘yicha strategik dasturni tayyorlash topshirildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol o‘rtasida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi. Davlat rahbarlari flohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar, shuningdek,  Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi bilan hukumatlararo bitim; Tezyurar elektr poyezdlarini xarid qilish va yetkazib berish to‘g‘risida bitimlar;  «Toshkent Farma Park» innovatsion farmatsevtika klasteri loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim; Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum va boshqa hujjatlar imzolandi.

Umuman olganda,  bo‘lib o‘tgan tashrif ikki mamlakat o‘rtasida  savdo va investitsiyalarni faollashtirish hamda sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorilkni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.  Axborot texnologiyalari,  O’zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini  ta’minlashga yordam beradigan qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi. Shu tariqa, Koreya Respublikasi bundan keyin ham O’zbekistonning jadal va innovatsion rivojlanishida asosiy sherigi bo‘lib qoladi.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    31
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+