Faol tashqi siyosat yurtimiz xalqaro nufuzini yanada mustahkamlaydi

03.07.2024, 14:56

Faol tashqi siyosat yurtimiz xalqaro nufuzini yanada mustahkamlaydi

Avvalo aytish kerak, BMT Bosh kotibining mamlakatimizga tashrifi O’zbekistonning mintaqaviy va xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi yanada mustahkamlanganidan dalolatdir.

Bosh kotib davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar markazida inson, uning huquqlari va erkinliklari turganini alohida e’tirof etdi. Prezidentimizni “ko‘prik quruvchisi, halol vositachi va tinchlik xabarchisi” sifatida ta’riflagan mehmon Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv chog‘ida mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, global muammolarni hal etish bilan bog‘liq qator dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Haqiqatan ham, Prezidentimiz siyosiy iqtidorga “Inson qadri uchun” degan tamoyilni ro‘yobga chiqarish, inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat — Yangi O’zbekistonni barpo etish g‘oyasi bilan keldi. Islohotlarimiz markaziga inson, uning qadri, erkinliklari va qonuniy huquqlarini qo‘ydi. So‘nggi 7 yilda qabul qilingan uchta kompleks taraqqiyot strategiyasi hamda turli sohalarni rivojlantirishga oid 60 dan ziyod strategiya, konsepsiya va dasturlarga insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish, uning rivojlanishi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish, ijtimoiy tenglik kabi tamoyillar, g‘oyalar to‘liq singdirildi.

O’zbekiston BMTning “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini nafaqat qo‘llab-quvvatladi, balki ularni amalga oshirish maqsadida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi sifatida 40 dan ziyod global, mintaqaviy va milliy darajada amalga oshirilishi nazarda tutilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Umuman aytganda, BMT Bosh kotibining mamlakatimizga navbatdagi tashrifi O’zbekiston bilan BMT va uning tuzilmalari o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni izchil davom ettirishga, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar loyihalarni muvafaqqiyatli amalga oshirishga tayyorligimizni tasdiqladi.

Mavluda XO’JAYEVA

Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi.

 

 

  • Ko'rildi
    22
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+