Qarshi shahrida bozor rahbari va aholi o‘rtasida nega tortishuv yuzaga keldi?

27.03.2021, 13:31

Qarshi shahrida bozor rahbari  va aholi o‘rtasida nega tortishuv yuzaga keldi?

Qarshi shahridagi “Chaqar” mahallla fuqarolar yig‘ini raisi Norgul Mustafaqulova Qarshi shahar Kengashi deputati Arziqul Sherovga xat bilan murojaat qilib, mahalladagi “Sanoat Akmal-Assi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bozor rahbari va aholi o‘rtasida tortishuv yuzaga kelganini, muammoni hal etishda deputatlar ishtiroki zarurligini so‘ragan.

Deputat A. Sherov mahallaga borib, muammoni o‘rganar ekan,  tortishuvga sabab bo‘layotgan “Kulol” va “Bunyodkor”  ko‘chalari tutashgan chorraha anchayin torayib qolganini, uning ustiga “Sanoat Akmal-Assi” MChJ rahbari Anvar Aliqulov bozor hududini yana ko‘cha tomonga bir necha metr uzaytirishini aytdi. Albatta, buning uchun A. Aliqulov Shahar hokimining qarorini hamda smeta loyihalarini ham ko‘rsatdi. Qarshi shahar hokim qaroriga ishonish kerakmi yoki mahalla ahlining fikrlarigami, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Aliqulov esa “Bunyodkor” ko‘chasi 1-uyda yashovchi Kamol Jumayev qurgan novvoyxona bir necha metr yo‘lga chiqib ketganini aytib, yo‘lni torayishiga ular sababchi ekanini ro‘kach qilmoqda. Ammo A. Aliqulov tadbirkor sifatida bu binoni aniq loyiha asosida Qarshi shahar hokimi qaroriga binoan 2018 yilda qurganini aytmoqda.

-Tadbirkor va  aholi o‘rtasida kelib chiqqan bu tortishuvlar 2010 yildan buyon davom etmoqda,- deydi Qarshi shahridagi “Chaqar” MFY raisi Norgul  Mustafaqulova. – Yil o‘tgani sayin “Kulol” va “Bunyodkor” ko‘chalari tutashgan chorroha torayib bormoqda. Bu ketishda ko‘cha butkul yopilib qolishi tayin. Bundan albatta, aholi jabr ko‘radi. Shaharning bosh rejasida ko‘chaga qancha joy qoldirilgan bo‘lsa, shuni qoldirib, qo‘shimcha qurilgan inshootlarni buzish kerak, deb hisoblayman.  Ana shundagina bu tortishuv va kelishmovchiliklarga barham beriladi. Men bu borada Qarshi shahar Kengashi deputatidan ko‘mak so‘radim, imkon bo‘lsa, masalani shahar Kengashi sessiyasiga olib chiqish lozim.

Deputat A. Sherovning aytishiga qaraganda, Qarshi shahar hokimining turli yillarda qabul qilingan qarorlarini qonunga mos yoki zid ekanini Qarshi shahar Kengashi deputatlari chuqur o‘rganib, o‘z xulosalarini berishlari lozim. Bunda albatta, yer ajratish bo‘yicha tuzilgan komissiya faoliyatiga ham qonuniy baho berilishi kerak.

  O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

 

  • Ko'rildi
    469
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+