Deputat faol o‘quvchiga stipendiya joriy qildi

19.05.2021, 12:39

Deputat faol o‘quvchiga stipendiya joriy qildi

O'zLiDeP Buxoro shahar Kengashi deputati, partiyaning shahar Kengashi raisi Jonibek Matniyozov tashabbusi bilan O'zLiDeP viloyat Kengashi apparat rahbari Jasurbek Boltayev va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Buxoro shahar Xalq qabulxonasi mutasaddilari shahardagi 39-IDUMda bo‘lib, maktab binosi va bu yerdagi o‘quv jarayoni holatini o‘rgandilar.

Dastlab mazkur ta’lim muassasasi joylashgan bino holati achinarli ahvoldaligi partiya faollarini hayron qoldirdi. Biroq, Yurtboshimizning Buxoroga tashrifidan so‘ng bu o‘quv maskani binosini yangidan qurib, foydalanishga topshirish davlat dasturiga kiritilgani oydinlashdi. Qurilish xarajatlariga 13 mld ajratilgan. Maktabning yangi binosi to‘rt qavatli bo‘lishi kutilmoqda. Ammo rejada maktab uchun oshxona qurish ko‘rsatilmagan.

Shundan so‘ng partiya faollari va Xalq qabulxonasi vakillari  o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlariga qatnashish holati, ularning fanlarni o‘zlashtirish darajasi, orzu-istaklari bilan qiziqdilar. Deputat o‘quvchilarga o‘zi misolida bilim olishning inson kamolotidagi o‘rni qanday bo‘lishini tushuntirib berdi.

Mazkur maktab ingliz va matematika fanlariga ixtisoslashgan. Bu dargohdan Zulfiyaxonim izdoshlari, turli Xalqaro olimpiyada g‘oliblari yetishib chiqmoqda. Shu bois xalq noibi o‘quv muassasasida a’lo baholar bilan o‘qib, bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayotgan 5-sinf o‘quvchisi Farzona Davlatovaga bir yil davomida har oyda 600 ming so‘mdan beriladigan deputat stipendiyasi joriy qildi. Bundan tashqari, Jonibek Matniyozov maktabdagi bir qator a’lochi o‘quvchilarga badiiy kitoblar va Faxriy yorliq topshirdi.

Bu e’tibordan ruhlangan bolajonlar turli she’rlar o‘qib, raqslar ijro qilishdi. O’rganishlardan so‘ng maktab direktori va bir qator o‘qituvchilar deputat hamda Xalq qabulxonasi vakillariga o‘quvchilarning kelajagiga befarq emasliklari, e’tibor uchun minnatdorchilik bildirishdi.

 O'zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    501
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+