“Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

30.03.2018, 09:55

“Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi PQ-3630-son qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish hamda shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida:

  1. Quyidagilar:

 “Obod qishloq” dasturining 2018 yil uchun mo‘ljallangan maqsadli parametrlari hamda dastur doirasida 2018 yilda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlarining asosiy ko‘rsatkichlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

“Obod qishloq” dasturi doirasida 2018 yilda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlarining moliyaviy ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

“Obod qishloq” dasturi doirasida ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz va elektr energiyasini aholi uchun belgilangan narxlarda yetkazib berish prefernsiyalari tatbiq etiladigan asosiy turdagi qurilish materiallari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;

“Obod qishloq” dasturini amalga oshirish uchun tuman va shahar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan maxsus shtablarning namunaviy tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. “Obod qishloq” dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) 6-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

dasturda ishtirok etayotgan vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorligini ta’minlash, shuningdek, yuzaga kelgan muammoli masalalarni hal etish;

qurilish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha belgilangan parametrlar ijrosini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlash yuzasidan tizimli monitoring yuritish;

kelgusi yillar uchun “Obod qishloq” dasturini tayyorlash, qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan qishloq aholi punktlari ro‘yxatini shakllantirish va dastur parametrlarini ishlab chiqish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, vazirlik, idora va tashkilotlar – buyurtmachilarning takliflari asosida tasdiqlangan dasturning tegishli parametrlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, bajariladigan ish turlari va hajmlari hamda moliyalashtirish manbalariga kelishilgan holda aniqlik kiritish.

Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti Respublika komissiyasining Ishchi organi etib belgilansin hamda unga kelgusi yillar uchun “Obod qishloq” dasturini ishlab chiqish, qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan qishloq aholi punktlari ro‘yxatini shakllantirish va dastur parametrlarini ishlab chiqish vazifasi yuklansin.

Respublika komissiyasi (Ramatov) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmonidan kelib chiqib, o‘n kun muddatda mahalliy hokimliklar va tegishli vazirlik (idora)lar tomonidan ishlab chiqilgan hamda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan tuman va qishloqlar kesimidagi manzilli ro‘yxatlarni tasdiqlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda kelgusi yil O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish dasturi parametrlarini shakllantirishda “Obod qishloq” dasturi doirasida 2019 yilda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlari uchun zarur markazlashgan kapital qo‘yilmalar limitini ko‘zda tutsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida ijtimoiy soha ob’ektlari, yo‘l-transport infratuzilmasi va muhandislik kommunikatsiyalari qurilishiga xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘larini jalb qilish uchun loyihaning moliyaviy-iqtisodiy hisobotini (loyihaoldi hujjatini) o‘n besh kun muddatda tayyorlab, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga taqdim etsin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmurodov vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari tomonidan taqdim etilgan loyihalarning moliyaviy-iqtisodiy hisobotlari (loyihaoldi hujjatlari) asosida “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlar moliyalashtiruvchi tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kreditlari va grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rsin.

  1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar)lar hokimliklari bir oy muddatda tegishli vazirlik, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan har bir tuman (shahar) va qishloq bo‘yicha maxsus shtablarni shakllantirib, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘ysin, shuningdek, har bir ob’ekt kesimida tarmoq jadvallarini tasdiqlasin va monitoring natijalarini har oy yakuni bilan Respublika komissiyasiga taqdim etib borsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, boshqa tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari “Obod qishloq” dasturi doirasida qishloq aholi punktlarida qurilish va obodonlashtirish ishlarini bajarish uchun tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari, buyumlari va jihozlari bilan uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘rsin.

“O‘zqurilishmateriallari” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zmaxsusmontajqurilish” AK, “O‘zeltexsanoat” AK, tarkibida qurilish materiallari va jihozlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va sektor rahbarlari bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida qurilish va obodonlashtirish ishlarini bajarishga mahalliy qurilish materiallari, buyumlari va jihozlarini yetkazib berish uchun joylarda savdo shoxobchalari – korxonalarning firma do‘konlari va filiallarini kompleks tarzda tashkil etsin.

  1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, sektorlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, boshqa tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning natijalariga ko‘ra:

mavjud uy-joylar, bino-inshootlar, infratuzilma ob’ektlari, yo‘l-transport va muhandislik kommunikatsiyalarining texnik holatini o‘rgansin hamda shu asosda ularda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bajarilishini;

texnik talablarga javob bermaydigan yoki noqonuniy ravishda qurilgan bino-inshootlar va qurilmalarning buzilishini;

o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari tuman hokimliklarining yer zaxira fondlariga olinishini ta’minlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat avtomobil yo‘llari qo‘mitasi “Obod qishloq” dasturi doirasida tuman markazidan qishloqlargacha bo‘lgan yo‘llarni, qishloqlarning markaziy ko‘chalarini va asfalt bilan qoplangan yo‘llarni ta’mirlash, qishloqlarning asfalt qoplamasiz ichki yo‘llariga qum-shag‘al qorishma yotqizish va piyodalar yo‘laklariga beton qoplama yotqizishni nazarda tutuvchi loyiha yechimlari asosida amalga oshirsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar)lar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida mavjud ko‘p xonadonli uy-joy fondini yaxshilash, umumfoydalanuv qismlari va maydonlarini (fasad, pod’ezd, zina maydonlari, tom, yerto‘la, trotuar, bolalar maydonchalari) ta’mirlash, maishiy infratuzilma ob’ektlarini (tashqi sanitariya tarmoqlari, tandirxona) joylashtirish hamda atrof-hududini tartibga keltirish bo‘yicha namunaviy talablarni (eskiz loyihasini) ishlab chiqib, ishlarni shu asosda amalga oshirishni ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va sektor rahbarlari bilan birgalikda har bir xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uchun alohida loyiha tashkilotlarini biriktirib, ular tomonidan ko‘p xonadonli uy-joy fondini yaxshilash, tashqi qiyofasini tartibga keltirish, umumfoydalanuv qismlari va maydonlarini ta’mirlash, maishiy infratuzilma ob’ektlarini joylashtirish hamda atrof hududini obodonlashtirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilishini ta’minlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasi hududiy “Toza hudud” DUKlar bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida chiqindi yig‘ish punktlarini barpo etib, tizimli ravishda chiqindilarni yig‘ish, olib ketish va utilizatsiya qilish ishlarini tashkil qilsin hamda mazkur ishlarni bajaradigan korxonalarni zarur transport vositalari, texnika va mashina-mexanizmlar bilan ta’minlash yuzasidan choralar ko‘rsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, sektorlar rahbarlari, xo‘jalik birlashmalari, korxona va tashkilotlar bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining ish bilan bandligi oshirilishini ta’minlasin.

Bunda mavjud zaxira va imkoniyatlardan samarali foydalanish, bo‘sh turgan bino-inshootlarda ishlab chiqarish va infratuzilma ob’ektlarini tashkil etish, ijtimoiy soha va bozor infratuzilmasi ob’ektlarini qurish va ta’mirlash, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalarini barpo etish hamda ularning tarmoqlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilsin.

  1. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov, Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va S.R.Xolmurodov zimmasiga yuklansin.

                       

                                O‘zbekiston Respublikasi
                                            Prezidenti                                                                                      Sh. Mirziyoyev

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida"gi Farmoni va “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga
ShARH


Eng avvalo, respublikamiz aholisining salkam yarmisi qishloq hududlarda yashab kelayotganligi hamda ularning fidokorona mehnati, dehqon, fermer, chorvador va mirishkorlarning sa’y-harakatlari natijasida dasturxonimiz mo‘l-ko‘l bo‘layotgani “Obod qishloq” dasturining qabul qilinishida asosiy omil bo‘lganligini ta’kidlab o‘tish zarur.

So‘nggi yillarda viloyat va tumanlar markazlarida obodonlashtirish va markaziy ko‘chalarning me’moriy qiyofasini yangilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Qishloq aholisi uchun yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilayotgani, xususan 2017 yilda qishloq joylarda18 mingdan ortiq oila uchun ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasiga ega shinam uylar barpo etilgani shular jumlasidan.

Ammo tashriflar davomida olis va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholidan kelib tushayotgan haqqoniy e’tirozlar va murojaatlar shundan dalolat beradiki, aholining uy-joy va maishiy sharoitlarini yaratish borasida ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. 

Jumladan, mahalliy hokimliklar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari rahbarlarining mas’uliyatsizligi oqibatida uy-joy fondi yillar davomida ta’mirlanmasdan, tom qismlari va tashqi qiyofasi mutlaqo talabga javob bermaydigan ahvolga kelib qolgan.

Bundan tashqari, qishloq aholi punktlarida elektr tarmoqlari va transformatorlardagi avariyalar elektr ta’minoti tarmoqlarida ko‘plab uzilishlarni keltirib chiqarmoqda, shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlarining yetishmasligi kuzatilmoqda.

Keyingi dolzarb muammolardan biri shuki, hududlarda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlari  sifatsiz olib borilmoqda, ichimlik suvi quvurlari va inshootlari yaroqsiz ahvolga kelib qolgan hamda oqova inshootlari sanitariya talablariga javob bermaydi.

Yana shuni ta’kidlash zarurki, aholining ayrim qismi shunday ahvolga ko‘nikkani, boqimandalik kayfiyatiga berilgani natijasida o‘zining uy-joyi, hovlisi va tomorqasini saqlashga e’tibor qaratmay qo‘ygan.

Mazkur ishlar sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, xotin-qizlar qo‘mitalari va Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘g‘inlari e’tiboridan chetda qolgani yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklarning asosini tashkil etadi.

Shu bilan birga, joylardagi faollar tashabbusi bilan emas, balki hududlarda an’anaviy bo‘lib qolgan hasharlarni faqatgina “xo‘ja ko‘rsin” uchun bayram kunlariga yaqin sanalarda yuzaki o‘tkazish odat tusiga aylanib qolmoqda.

Albatta, bunday holatlar hech kimni, ayniqsa, mazkur hududlarda yashayotgan aholining barcha qatlamlarini qoniqtirmaydi. Ushbu vaziyatni tubdan o‘zgartirish hamda aholining turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida quyidagilar, ishlab chiqilgan dasturning asosiy maqsadlari etib belgilangan.

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab respublikaning har bir tuman va shaharida, avvalo, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududlarda 2018 yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloqda (mahallada) aholining yashash sharoitlarini bosqichma-bosqich tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga, mazkur qishloqlarning (mahallalarning) qiyofasini zamonaviylashtirishga va qishloq aholisi uchun ish joylarini yaratishga qaratilgan “Obod qishloq” dasturi amalga oshiriladi.

2018 yilda mamlakatimizning 174 ta tumanidagi 368 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarini kompleks ravishda yangilash chora-tadbirlari qabul qilingan dasturning ustuvor maqsadlari sifatida belgilangan.

Dasturda, ayniqsa, 127143 ta uy-joyni ta’mirlash, ularning tomini, tashqi ko‘rinishi, yon-atrofini obodonlashtirish ishlari alohida o‘rin egallagan.

Dastur doirasida 1535 kilometr toza ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan hamda qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta’mirlash uchun jami 2083 kilometr yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, shuningdek, lizing asosida 571 ta zamonaviy avtobuslar xarid qilinib, qishloq va tuman markazi orasida transport qatnovini yo‘lga qo‘yish va ushbu yo‘nalishlarda 252 ta bekat barpo etish nazarda tutilgan.

Xalqaro moliya institutlarining kreditlari hamda korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan 1847 kilometr elektr ta’minoti tarmoqlarini yaxshilash, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uchun 44868 ta gaz balloni yetkazib berish hamda aloqa tizimini modernizatsiya qilish ishlari ham amalga oshiriladi.

Ma’lumki, ijtimoiy ahamiyatga ega xizmatlarni tubdan yaxshilash davlatning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, bolalar bog‘chasi, maktab, oilaviy poliklinikalar va shu kabi boshqa jami 736 ta ijtimoiy soha ob’ektini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari bajarilib, laboratoriya va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.

Albatta, joylarda bozor infratuzilmasi ob’ektlari va servis shoxobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoxobchalarini tadbirkorlik asosida bunyod etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Dasturni amalga oshirish vazifalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu borada mahalliy hokimliklar huzurida “Obod qishloq” maqsadli jamg‘armalari tuziladi. Budjet, tarmoq korxonalarining, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grantlari, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari, hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘larni ushbu jamg‘armalar manbalari sifatida belgilash  ko‘zda tutilmoqda.

Birgina joriy yilda dastur doirasida nazarda tutilgan ishlarga barcha manbalar hisobidan 3 trillion 40 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar ishonchli va muntazam ravishda yo‘naltiriladi.

Dasturda o‘z aksini topgan yo‘nalishlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli loyiha-smeta hujjatlarining me’moriy va texnik yechimlari asosida puxta ishlab chiqilishini ta’minlash maqsadida 189 dan ortiq tajribali va malakali loyiha instituti jalb qilinadi.

Ajratilayotgan mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanish, qurilish-ta’mirlash ishlarini sifatli amalga oshirish uchun salohiyatli pudrat tashkilotlarini aniqlash bilan bog‘liq tanlovlarni oqilona tashkil etish, ularni o‘tkazish jarayonini nazoratga olish va bu borada samaradorlikka erishishni ta’minlash maqsadida qabul qilingan ushbu hujjatda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining mas’ulligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Zarur moddiy-texnika resurslarini jamlash maqsadida mahalliy ishlab chiqarish korxonalari tomonidan sement, metalloprokat, g‘isht, tom yopish mahsulotlari, temir-beton buyumlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq kabi asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini yetkazib berish uchun har bir aholi punktida firma do‘konlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Uy-joylarni ta’mirlashda xonadon egalariga amaliy yordam ko‘rsatish, avvalambor, ularni arzon va sifatli qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta’minlash, ishlab chiqaruvchilar uchun elektr energiyasi va gaz yetkazib berishda preferensiyalar nazarda tutilgan.

Dasturni amalga oshirish bilan bog‘liq ishlarni oqilona tashkil etish yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat tarkibda doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatadigan Respublika komissiyasi tashkil etilgan.

Har bir qishloq kesimida tuman (shahar) hududiy tashkilotlari bilan birgalikda mo‘ljallanayotgan keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish va boshqarish yuzasidan tumandagi sektor rahbarlari boshchiligida maxsus shtablarni joriy etish, jumladan, ushbu shtablarga ishlarni hashar va xo‘jalik usulida bajarishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, moliyalashtiriladigan ishlar bo‘yicha mavjud barcha imkoniyatlarni jalb etish, xususan, soliq yig‘uvchanligini oshirish va qo‘shimcha aniqlanadigan manbalardan mahalliy budjet daromadini ko‘paytirish kabi vazifalar yuklangan.

Qayd etilgan tizimlarga arxitektura, sanitariya va texnik talablar asosida shaxsiy mulk egalari o‘z uy-joyini saqlash, mavjud tomorqalardan unumli foydalanish, yer va mol-mulk soliqlarini hamda ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun hisoblagichlar va qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik, hasharlarda fuqarolarning bevosita shaxsiy ishtirokini aks ettiruvchi jamoa shartnomalarini tuzish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi va “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi qoshidagi Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi uy-joy, bino-inshootlar va tomorqa xo‘jaliklari mulkdorlari tomonidan amaldagi talab va qoidalarni buzish va rioya etmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy kodeksiga muvofiq tegishli choralar ko‘rishi belgilangan.

Mazkur dasturning qabul qilinishi va hayotga izchil tatbiq etilishi mahallalarni obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, bu boradagi qadriyatlarimizni izchil davom ettirgan holda, barcha hududlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini bajarish orqali qishloq aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish va ularning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, eng asosiysi, yoshlarni xayrli ishlarga da’vat etishga xizmat qiladi.

  • Ko'rildi
    4462
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Shaxnoza2022-04-13 11:47:11

2019 yil obod qishloq dasturiga tushgan bizni mahhala lekin hech qanday ishlar olib borilmagan mahallamiz achinarli axvolda kimga murojat qilishni bilmaymiz bizga yordam beradigan hech kim yoq ajiratilgan mablag qayerga ketganligini hech kim aytmaydi sizlardan iltimos shu dasturni qayta korib chiqishingizni ajratilgan mablaglar qayerga ketganligini organib chiqishingizni soraymiz


Nigoraxon2019-06-10 21:54:50

"Obod qishloq"dasturi mening magistrlik dissertatsiyamning asosiy mavzusi hisoblanadi.


Жахонгир2019-04-16 16:39:31

Олтинсой туман Вахшивор махалласи 2019 йил Обод қишлоқ дастурига киритилган


Abdusalim2018-11-26 11:39:59

Assalomu Aleykum! Men Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Vaxshivor qishlog'i "obod qishloq"dasturiga kiritilgan yoki kiritilmaganini bilmoqchidim. Agar kiritilgan bo'lsa qanday ishlar amalga oshirilishi kerakligi haqidagi qayerdan qanday bilsam bo'ladi. Iltimos shu haqda ma'lumot bersangizlar...


SEVARA 2018-07-13 18:02:31

oboq qishloq loyihasida o'z uyimni ta'mirlash ushun kam foizli kredit olish uchun qaysi bankga yoki kimga murojat qilsam bo'ladi?


Elbek2018-06-06 11:50:34

obod qishloq loyihasiga o'z qishlogimni qo'shmoqchiman. Loyiha tashkilotchilari bilan qanday bo'glansa bo'ladi???


Fikringizni qoldiring

+