Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

14.05.2019, 10:14

Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

2016-2018 yillarda ipoteka krediti amaliyotining kengayishi 82 mingdan ortiq uy-joylarning foydalanishga topshirilishini taʼminladi, buning natijasida mamlakatimizning barcha hududlaridagi 400 mingga yaqin fuqarolar turar joy sharoitlarini yaxshilashga erishdi.

Qishloq joylarda arzon uy-joylar va shaharlarda koʻp qavatli uylar, yosh oilalarga, harbiy xizmatchilarga, byudjet tashkilotlari xodimlari va aholining boshqa toifalari uchun uy-joylar qurish boʻyicha davlat maqsadli dasturlarini (keyingi oʻrinlarda – maqsadli dasturlar) izchil amalga oshirish davom etmoqda. Mazkur maqsadlar uchun respublikaning tijorat banklari tomonidan jami 10 trillion soʻmdan ortiq ipoteka kreditlari berildi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz uy-joy sektorini rivojlantirish zarurati ipoteka kreditlarini taqdim etish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining barcha qatlamlari uchun bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrishni talab etmoqda.

Aholining turmush darajasini izchil oshirish, ipoteka krediti mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini yanada takomillashtirish va kengaytirish, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati va qurilish industriyasini rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar va ragʻbatlar yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda – OTB) bilan birgalikdaOʻzbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish dasturini2019-2021 yillarda amalga oshirish konsepsiyasi ishlab chiqilganligi, uning doirasida bozor tamoyillari asosida uzoq muddatli barqaror ipoteka moliyalashtirish tizimini yaratish uchun OTB tomonidan 200 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlari ajratish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy banki va tijorat banklarining:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan boshlangʻich ustav kapitali miqdori 25 milliard soʻm boʻlgan aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda – Kompaniya) taʼsis etish;

respublika tijorat banklari va boshqa yuridik shaxslarga ixtiyoriy ravishda Kompaniyaning taʼsischilari boʻlish huquqini berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Quyidagilar Kompaniyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining (keyingi oʻrinlarda – XMI va XHMT) mablagʻlarini jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yoʻnaltirish;

aholining arzon uy-joylarga oʻsib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish;

shu jumladan, ipoteka qimmatli qogʻozlarini chiqarish va ularni investorlar orasida joylashtirish;

ipoteka krediti tizimini takomillashtirishga koʻmaklashish, ipoteka bozorini rivojlantirishning zamonaviy uslublari va vositalarini tatbiq etish, ipoteka krediti va ipoteka qimmatli qogʻozlar bozorida xavflarni kamaytirish va likvidlikni oshirish;

ipoteka krediti va qayta moliyalashtirish sohasida, shu jumladan, xorijiy ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda metodologik va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqishda ishtirok etish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi uch oy muddatda Kompaniya faoliyatini tashkil etishga texnik koʻmaklashish (grant) mablagʻlarini ajratish masalasini OTB bilan koʻrib chiqsin.

4. Belgilab qoʻyilsinki, Kompaniya tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) Kompaniya aksiyadorlar mablagʻlarini hamda XMI va XHMTning qarz mablagʻlarini, shuningdek, qimmatli qogʻozlar chiqarish orqali mahalliy va xalqaro kapital bozorlaridagi uzoq muddatli resurs mablagʻlarni jalb etadi;

b) Kompaniya jalb qilingan mablagʻlarni Kompaniya tomonidan oʻrnatiladigan malakaviy talablarga mos keluvchi tijorat banklariga kredit resurslarini ajratish yoʻli bilan qayta moliyalashtiradi;

v) tijorat banklari Kompaniya tomonidan belgilangan shartlarda qarz oluvchilarga ipoteka kreditlarini taqdim etadi;

g) tijorat banklari ipoteka kreditlari, ipoteka shartnomalari boʻyicha talab huquqlaridan yoki garov xatlari boʻyicha huquqlardan Kompaniya foydasiga voz kechadi;

d) Kompaniya tijorat banklari bilan huquqlari avval Kompaniyaga oʻtkazib berilgan ipoteka kreditiga xizmat koʻrsatish shartnomasini yoki garov xatlarini ishonchli boshqaruvga berish shartnomasini tuzadi;

e) tijorat banklari qarz oluvchilar va ipoteka beruvchilar tomonidan kredit shartnomalari va ipoteka shartnomalarining Kompaniya foydasiga lozim darajada bajarilishini taʼminlaydi.

Kompaniya tomonidan ipotekani qayta moliyalashtirishning qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa shakllari ham tatbiq etilishi mumkin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish sohasida vakolatli davlat organi etib belgilansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasida 2019-2021 yillarda ipoteka krediti tizimini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:

a) 2020 yil 1 yanvardan boshlab, maqsadli dasturlar ijrosi doirasida quyidagilar nazarda tutilgan yangi shartlarda ipoteka kreditlari ajratish:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishtirok etuvchi banklarga ajratilayotgan kredit resurslari hamda aholiga berilayotgan ipoteka kreditlari boʻyicha imtiyozli davrni 1 yilgacha qisqartirish;

kreditdan foydalanishning birinchi 5 yili davomida har yili foiz stavkasini qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida belgilash;

ipoteka kreditlari foizlarini annuitet toʻlovlari formulasi boʻyicha hisoblash tartibini tatbiq etish (oylik toʻlov asosiy qarz qoldigʻiga hisoblangan foizlar boʻyicha toʻliq toʻlovni hamda kreditning bir qismini oʻz ichiga oladi, bu shunday hisoblashni nazarda tutadiki, har oylik barcha toʻlovlar kredit toʻlashning butun davrida bir xil boʻladi);

b) qonun hujjatlarida belgilangan malakaviy talablarga javob beradigan yuridik shaxslarga maqsadli dasturlarni amalga oshirishda buyurtmachi yoki bosh pudratchi sifatida qatnashish huquqini berish;

v) maqsadli dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan tijorat banklari sonini oshirish;

g) maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida uy-joylar va kvartiralarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish uchun kreditlar berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 noyabrga qadar maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida uy-joylarni xarid qilishga talabgor jismoniy shaxslarni uy xoʻjaliklarining daromadi, qurilish maydoni, koʻchmas mulk qiymati narxlari va boshqa shartlardan kelib chiqqan holda tanlab olishning yangilangan tartibi va mezonlarini tasdiqlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. 2020 yil 1 yanvardan boshlab maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida taqdim etilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha amaldagi imtiyozlar bekor qilinsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 1 dekabrga qadar maqsadli dasturlarni amalga oshirish samaradorligini har tomonlama baholash hamda keng jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida quyidagilar boʻyicha takliflar kiritsin:

a) quyidagilarning amal qilishini bekor qilish:

bosh pudrat tashkilotlari, pudrat tashkilotlari va subpudrat tashkilotlariga, qurilish materiallari, asbob-uskunalar, qurilish texnikasi va avtotransporti ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga, shuningdek, ularni tashishda qatnashadigan tashkilotlar, ishlar (xizmat) koʻrsatish korxonalari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari, transport korxonalari, “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ, “Oʻzshahar qurilish invest” IK, “Qishloqqurilish loyiha” MCHJ, “Oʻzsanoateksport” AJ hamda “Toshkent qishloq qurilish servis” MCHJga berilgan soliq imtiyozlari (qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari);

jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozlar;

b) yakka tartibdagi uy-joy yoki koʻp qavatli uydagi xonadonning qiymati 300 million soʻmdan oshmagan taqdirda, olingan ipoteka kreditlarini va ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yoʻnaltiriladigan va soliq solinadigan jismoniy shaxslar va ular oila aʼzolarining (birga qarz oluvchilar) jami 15 million soʻmgacha boʻlgan ish haqi va boshqa daromadlari summasi soliq davri davomida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga tortilmasligini koʻzda tutuvchi tartibni oʻrnatish;

v) bekor qilinayotgan soliq imtiyozlari oʻrniga uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslar va qonun bilan belgilanadigan fuqarolarning boshqa toifalariga ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badal va (yoki) foizlarni toʻlash uchun subsidiyalar berish.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari G.K.Saidova media-rejani tasdiqlasin va aholi orasida keng tushuntirish ishlari olib borilishini, xususan ipoteka kreditlari berishning yangi shartlari hamda mazkur Farmonda koʻrsatilgan boshqa masalalarni yoritish boʻyicha mavzuga oid studiyadagi va sayyor turkum telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarni tashkillashtirsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining 12 ta shtat birligini qoʻshimcha ajratgan holda Arzon uy-joylar qurish davlat maqsadli dasturlarini muvofiqlashtirish va moliya bozori vositalarini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etilsin.

Boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

maqsadli dasturlar ijrosi samaradorligini tahlil qilish va monitoringida ishtirok etish, ular boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish;

maqsadli dasturlarni amalga oshirish tadbirlarini moliyalashtirishni taʼminlash, ipoteka krediti bozorini rivojlantirishga XMI va XHMT mablagʻlarini jalb etishda ishtirok etish;

moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda qimmatli qogʻozlarni va moliyaviy vositalarni tartibga solish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan, ilgʻor jahon tajribasini va korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini inobatga olgan holda takliflar tayyorlash;

maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, belgilangan tartib-taomillar va qoʻllanilayotgan mexanizmlar toʻgʻrisida jamoatchilikni keng xabardor qilishni tashkil etish.

 

13. 2019 yil 1 yanvarga qadar qurilishga ruxsat etilgan uy-joy fondi obyektlarini (2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturiga, 2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturiga kiritilgan obyektlar bundan mustasno) birlamchi uy-joy bozorida realizatsiya qilish oboroti 2020 yilning 1 yanvariga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

 

15. Belgilansinki, ushbu Farmonning 2-ilovasi 3-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan oʻzgartirish 2019 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradi.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 13 may

  • Ko'rildi
    1560
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

фуркат2019-05-24 16:26:21

кредитга уй олиш тартиблари,йиллик фоизлари,нечи йилгача олиш мумкинлиги,ва такдим килинадиган хужжатлар ройхати:шулар тогрисида малумот берсангиз


Fikringizni qoldiring

+