Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun bizda imkoniyat ham shart-sharoit ham yetarli...

02.06.2022, 16:36

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun bizda imkoniyat ham shart-sharoit ham yetarli...

Dunyoda oziq-ovqat narxi oshishi va tanqisligi kuzatilayotgan bugungi sharoitda O’zbekistonda ham narx-navo biroz ko‘tarilishi mumkin, lekin taqchillik yoki mahsulot yetishmasligi holati kuzatilmaydi. Chunki O’zbekiston oziq-ovqat zaxirasi mo‘l mamlakatlar sirasiga kiradi. Shunday   bo‘lsa-da, xotirjamlikka berilmasligimiz lozim.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 may kuni aholining oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu haqda fikr yuritildi. Asosan, jahon bozorlarida bug‘doy narxi 50 foizga, o‘simlik yog‘i 33 foizga, shakar 14 foizga, neft 47 foizga oshganligi, albatta, bu yurtimizdagi narx-navoga ham ta’sir ko‘rsatayotgani aytildi. Birgina may oyining o‘zida Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida kartoshka, un, shakar narxi ko‘tarilgani qayd etilib, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, jumladan, parrandachilik va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash masalalari keng muhokama etildi.

Bu jihatdan olganda, arzon, to‘yimli va tez yetishtiriladigan mahsulotlar - bu parranda go‘shti va tuxumdir. Lekin, ko‘p viloyatlarda parranda go‘shti aholi talabiga mos holda yetkazib berilmayapti. Bu yo‘nalishda 50 dan ziyod yirik korxona yarim quvvatda ishlayapti.  Ularni ozuqa, jumladan, bug‘doy bilan ta’minlashda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Masalani hal etish uchun aniq chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, 1 iyundan boshlab parrandachilik xo‘jaliklariga bug‘doy sotib olish uchun 400 milliard so‘m “revolver” kredit ajratiladi. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi orqali kredit garovining 50 foiziga kafillik beriladi va 17 foizidan oshgan qismi kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, parrandachilik xo‘jaliklariga aylanma mablag‘ uchun beriladigan kredit muddatini uzaytirish taklifi bildirildi.

Joriy yil 8 fevralda “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, chorvachilik xo‘jaliklariga go‘shtning har bir kilogrammi uchun to‘lanadigan subsidiya 2 ming so‘mdan 4 ming so‘mga, sutning har bir litri uchun 200 so‘mdan 400 so‘mga oshirildi. Xorijdan olib kelinadigan qishloq xo‘jaligi texnikasi barcha to‘lovlardan ozod etildi. Sohaga 170 million dollar imtiyozli kredit liniyalari ochildi. 200 ming gektardan ziyod paxta va g‘alla maydonlariga ozuqabop ekinlarni almashlab ekish belgilandi.

Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Xususan, go‘sht, baliq, sut mahsulotlari, meva, o‘simlik yog‘i kabi 22 turdagi oziq-ovqat joriy yil 1 maygacha bojxona bojlaridan ozod qilingan edi. Endi bu muddat 2023 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Shuningdek, oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash to‘xtatib turiladi. Davlat xaridlarida oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish bo‘yicha cheklovlar vaqtincha bekor qilinadi.

Yig‘ilishda bildirilgan fikrlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun imkoniyatlar yetarli. Davlatimiz tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotga subsidiyalar berish, imtiyozli kreditlar ajratish hamda sohani qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilyotgani oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Yana bir gap: “Bu mahsulot narxi oshdi”, “Bozorda narx-navo ko‘tarilib ketdi” kabi vohimali gaplarni aytib, xalqning kayfiyatini tushirgandan ko‘ra, bu xavf-xatarning oldini olishda har bir kishi o‘zining hissasini qo‘shishi lozim. Narx-navoning oshishi bu vaqtinchalik jarayon ekanini, mamlakatimiz katta zaxiraga ega davlatlar qatoriga kirishini odamlarga tushuntirish ham bu xavfni oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, dunyo miqyosida davom etayotgan global iqtisodiy inqirozning oldini olishda har bir kishi o‘zini mas’ul sanashi lozim.

Barno Mirzamova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    106
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+