Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X syezdi bo‘lib o‘tdi

09.09.2021, 19:55

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X syezdi bo‘lib o‘tdi

2021 yil 9 sentabr kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X syezdi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan 1 ming 200 ga yaqin delegat qatnashdi.

Partiya Siyosiy kengashining shu yil 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodi ma’qullanib, syezdga taklif kiritilgan edi. Syezdda ushbu masala ko‘rib chiqildi.

Anjuman qatnashchilari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi muhim siyosiy voqea ekani, bu lavozimga partiyadan keng bilim va katta tajribaga ega, xalqning hurmatiga sazovor, yetakchi shaxs nomzodini ilgari surish zarurligini qayd etdi.

Ushbu jihatlarni hamda partiya elektorati fikrlarini inobatga olgan holda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining syezd O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga butun faoliyatini xalqimiz farovonligiga bag‘ishlab kelayotgan, bugungi murakkab davrda mamlakatimizni rivojlantirishga qodir bo‘lgan, o‘zining insoniy fazilatlari va rahbarlik qobiliyati bilan yurtdoshlarimiz hurmati va mehrini qozongan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev davlatimiz mustaqilligining ilk yillaridan rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Oxirgi besh yilda O’zbekiston Prezidenti sifatida ulkan ma’muriy, huquqiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirdi. Amaliy natijadorlik, inson manfaati islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. 

2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinib, uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilindi.

Xalq hokimiyatini mustahkamlash, parlamentarizmni rivojlantirish va davlat organlari hisobdorligini ta’minlash choralari ko‘rildi. Davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va adolatga asoslangan, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish tizimi shakllantirildi.

Jahon iqtisodiyotida ro‘y bergan murakkab sharoitga qaramay, o‘sish sur’atlarini saqlab qolishga erishildi. So‘nggi besh yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat 34 foiz, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga oshdi. Yalpi ichki mahsulotimiz 60 milliard dollarga yetdi. Shu davrda o‘rtacha oylik ish haqi 2,2 marta ko‘paydi.

Partiya elektoratining salmoqli qismi bo‘lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratildi. Biznesni moliyalashtirish, soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish, yer ajratish, loyihalar va sanoat zonalariga infratuzilma yetkazib berish, eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga keng jalb etish, transport-logistika, tadbirkorlikka oid tartib-taomillarni soddalashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi va davom ettirilmoqda.

Hududlarni rivojlantirish, sanoat va xizmatlar ko‘lamini kengaytirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Qishloq xo‘jaligida fermer va dehqonlar, ishlab chiqaruvchilar uchun manfaatli bo‘lgan samarali usullar, jumladan, klaster va kooperatsiya tizimi joriy etildi.

Bularning barchasi, pirovard natijada, yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qildi. Aholining real yalpi daromadi 2016 yilga nisbatan 28 foizga o‘sgani ham buning yaqqol dalilidir.

Ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq uy-joylar barpo etilib, odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratildi. Bugungi kunda yurtimizdagi oilalarning qariyb yarmi o‘zining shaxsiy avtomobiliga ega.  

Aholining hayot sifatini oshirish maqsadida ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, ommaviy axborot vositalari, jismoniy tarbiya va sport kabi sohalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, kadrlar salohiyati yuksaltirilmoqda.

Asosiysi olib borilayotgan islohotlar markazdan tortib eng olis hududlargacha yetib borib, odamlar hayotida aks etmoqda. Yangilanishlar nafasi har bir soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va mahallaga kirib bordi.

 Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar ijobiy natija berdi. Bu o‘zgarishlarni yurtdoshlarimiz o‘z hayotida sezmoqda.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining vujudga kelishi va yetakchi siyosiy kuchga aylanishida, qolaversa partiyaning bosh g‘oyasi bo‘lmish jamiyat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish siyosati bugun davlat siyosatining muhim tamoyillaridan biriga aylanishida aynan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning hal qiluvchi rol o‘ynaganligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Mamlakatimiz taraqqiyotini belgilab berayotgan ushbu yo‘lni muvaffaqiyatli davom ettirishda O’zLiDeP lokomotiv bo‘lishi lozimligi borasida syezd qatnashchilari yakdil fikr bildirdilar.

Tadbirda partiya tomonidan ko‘rsatilayotgan nomzod shu yilning
24 oktyabrida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirildi.

Syezdda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

Syezd qaroriga ko‘ra O’zLiDeP qonunda belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiya nomzodini ro‘yxatga olishni so‘rab O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga murojaat etadi.

Syezdda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tadbir yakunida Partiya rahbariyati ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

O’zLiDeP Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1566
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Рахманова Гульнара Арзеновна2021-09-10 13:47:28

Съезд аъло даражада утказилди. Янги Узбекистон асосчиси, хурматли Президентимиз партиямиз тамонидан номзод булиши биз учун катта шараф ва келажакга ишонч.


Fikringizni qoldiring

+