O'zLiDeP Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasidan kelib chiquvchi ustuvor vazifalarni belgilab oldi

15.11.2021, 15:21

O'zLiDeP Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasidan kelib chiquvchi ustuvor vazifalarni belgilab oldi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqidan kelib chiquvchi partiya va uning fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Tadbirni O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiya fraksiyasi rahbari A.Haitov kirish so‘zi bilan ocharkan, Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida ilgari surilgan takliflar bugungi kunda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro ekspert va kuzatuvchilar tomonidan ham e’tirof etilayotganini qayd etdi.

Yetti yo‘nalishdan iborat taraqqiyot strategiyasida adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur sharti ekanligi, milliy iqtisodiyotni, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bugun nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham bu – Yangi O’zbekistonni qurish yo‘lidagi eng to‘g‘ri strategiya ekanligini haqli ravishda e’tirof etmoqda.

Qayd etilganidek, bugungi kunda qaysi soha bo‘lmasin ilm-fan asosida rivojlantirilsa, mamlakat iqtisodiyoti yanada taraqqiy etib boraveradi. Shu bois, davlatimiz rahbari mamlakatimiz milliy iqtisodiyotini, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida rivojlantirishni, mamlakatimizdagi mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar etgan holda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmini yanada oshirishni maqsad qilgan.

Yig‘ilishda ayni shu masalalar haqida so‘z borar ekan, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo‘lgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish O'zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasining doimo e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi.

Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda xalq vakillari bo‘lgan deputatlar ham muhim o‘rin tutishi, Oliy Majlis faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqimiz kutayotgan, Yangi O’zbekiston taraqqiyotini tezlashtirishga xizmat qiladigan qonunchilik konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ularning ijrosini ta’minlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat berilishi qayd etildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan kambag‘allikni qisqartirish, mahalla tizimini isloh qilish, har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimini joriy etish borasidagi tashabbus ilgari surildi. Mahalla – jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tom ma’noda tayanch bo‘g‘iniga aylanishi uchun partiya va uning deputatlik korpusi bu borada belgilangan vazifalar ijrosini to‘liq ta’minlashni o‘z zimasiga olishi zarurligi ta’kidlandi.

Mamlakatimizning har bir viloyatiga budjetdan 30 trln.dan 70 trln.gacha mablag‘ ajratilmoqda. Bu mablag‘larni to‘g‘ri sarflanishi ham doimiy nazoratda bo‘lishi kerakligi aytildi.

Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan saylovoldi uchrashuvlarida xalqimiz Prezidentimizga 140 dan ziyod taklif bildirdi. Bundan tashqari ishonchli vakillarga ham ko‘plab takliflar kelib tushdi. Ushbu takliflar orasida qonunchilikka va hatto Konstitutsiyamizning ayrim moddalariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritishga qaratilgan takliflar ham bor. Partiya xalqimiz tomonidan bildirilgan bu kabi takliflarni chuqur o‘rganib, ularni hayotga tadbiq  etishga alohida e’tibor qaratadi.

Bundan tashqari, “Yangi O’zbekiston massivlari”ni barpo etish, bu orqali kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod xonadon qurish borasidagi tashabbus ilgari surildi. Bu nafaqat olis qishloqlarning qiyofasini o‘zgartiradi balki, yoshlarimiz uchun yuz minglab ish joyi, tadbirkorlarimiz uchun esa yangi imkoniyat eshigini ochadi. Qolaversa, iqtisodiy o‘sish uchun muhim drayver bo‘lib xizmat qiladi.

Yangi taraqqiyot strategiyasida ilm-fan asosida Uchinchi Renessans poydevorini qurish eng muhim vazifa qilib belgilandi. Oliy ta’limga qamroni 50 foizga chiqarish vazifasini qo‘yildi. Har bir viloyatda yangi oliygohlarni qurish maqsad qilindi. Nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham bu – Yangi O’zbekistonni qurish yo‘lidagi eng to‘g‘ri strategiya ekanligini e’tirof etmoqda.

Partiya dasturidagi davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish orqali zamonaviy tibbiyot, xususan tibbiy sug‘urtani rivojlantirish borasidagi vazifalar ijrosi ham doimiy nazoratida bo‘lishi lozimligi aytib o‘tildi.

Murakkab pandemiya davrida o‘zini to‘la oqlagan “Temir daftar”, “ayollar, yoshlar va mehr daftarlari” asosidagi ulkan reja va dasturlarni izchillik bilan hayotga tadbiq etish partiya faoliyatining dasturilamal vazifasi bo‘lib qoladi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish borasida belgilangan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash ham partiyaning e’tibor markazida bo‘lishligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish so‘ngida partiya rahbari O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil etilganining 18 yilligi munosabati bilan millionlab a’zolari bo‘lgan barcha partiyadoshlarni tabrikladi.

  • Ko'rildi
    584
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+