Xorazmliklar O‘zLiDeP fraksiyasiga turizmni rivojlantirish bo‘yicha 20 dan ortiq taklif berdi

23.02.2018, 18:23

Xorazmliklar O‘zLiDeP fraksiyasiga turizmni rivojlantirish bo‘yicha 20 dan ortiq taklif berdi

Xorazm viloyat hokimligida Xalq deputatlari Xorazm viloyati va Urganch shahar Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda deputatlar Prezidentimizning 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2017 yil 16 avgustidagi “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan viloyat hokimining turizmni rivojlantirish masalasi bo‘yicha o‘rinbosari T.Davletov hamda Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i J.Shamuratovlarning axborotini  tingladi.

Yig‘ilishning uzviy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Xorazm viloyat Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorligida “O‘zbekistonda turizm industriyasini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, turistik xizmatlar sifatini oshirish, sayyohlik ob’ektlarni obodonlashtirish, xizmat ko‘rsatishning sifati va samaradorligini bugungi kun talablari darajasiga ko‘tarishga doir taklif va tavsiyalar berildi. Shuningdek, turizm sohasida xalqaro tashkilotlar, yirik xorijiy brendlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, turizm xizmati ko‘rsatishning ilg‘or standartlarini joriy etish, mehmonxonalar, transport tuzilmalari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish, mintaqalarda yangi turizm yo‘nalishlarini yaratish, turizm tarmog‘i uchun malakali kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirda deputatlar, tadbirkorlar, turizm sohasi vakillari tomonidan quyidagi takliflar bildirildi:

– Urganch davlat universiteti turizm va iqtisodiyot fakultetida xitoy, italyan tillarini o‘rgatuvchi kurslarni tashkil etish kerak. Talabalarining Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarida amaliyot o‘tashlari uchun sharoit yaratish.

– Xiva shahriga tashrif buyuruvchi turistlar uchun “Ichan qal’a” xaritasini aks ettiruvchi maxsus mobil dastur ishlab chiqish.

– Xiva shahridagi mehmonxonalarda milliy an’analarimizni aks ettiruvchi kurslarni tashkil etish lozim.

– Turizm faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan tadbirkorlar uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatish.

Tadbir yakunida yuqoridagi takliflarni Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida tasdiqlash, respublika miqyosida hal qilinadigan masalalarni esa O‘zLiDeP fraksiyasiga olib chiqishga kelishib olindi.

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1375
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+