Bir yilda 1 million ko‘chat

02.02.2022, 17:06

Bir yilda 1 million ko‘chat

20 sotix joydan millionlab daromad olish sirini bilasizmi? Kamiga 6-7 kishini ishli ham qilasiz. Termiz tumanida shunday xonadon bor. “Qahramon” mahallasida yashovchi Boboyor Xolboyevning xonadoni.

U yerda 20 sotix yerga issiqxona qurilgan. Issiqxonadan foydalanish sir-asroriyu yo‘l-yo‘rig‘i hali ko‘pchilikka yetib bormagan mustaqillikning ilk yillaridayoq Boboyor Xolboyev xonadonidagi shu issiqxonada ko‘chat yetishtira boshlagan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari, Ferumer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov ushbu xonadonda bo‘lib, qariyb 30 yillik tajriba va mehnatning bugungi samarasi bilan yaqindan tanishdi.

- Issiqxonada pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri hamda mavsumiy gul ko‘chatlari yetishtiriladi, — deydi Boboyor Xolboyev. — Bir yilda 1 millionta ko‘chat yetishtirib, viloyatimizning barcha tumanlari, hatto qo‘shni viloyat Qashqadaryoga hamda Tojikiston davlatidagi mijozlarga yetkazib berayapmiz. Bu yil Afg‘onistonga ham gul ko‘chatlarini eksport qilishni mo‘ljallab turibmiz. Issiqxonada 6 kishi mehnat qiladi va ularga maosh ham to‘lanadi. Albatta, daromad ham buromad va mehnatga yarasha yaxshigina bo‘ladi.

Boboyor Xolboyevdan ko‘chat olmoqchi bo‘lganlar bir shartga rozi bo‘lishlari kerak. Aks holda issiqxona egasi mijozga ko‘chat berishni rad etishi ham mumkin. Qanday deysizmi? U ham bo‘lsa, bepul va eng muhimi o‘ta foydali maslahat. Har bir mijozga olayotgan ko‘chatini to ekishdan tortib uni pishib yetilguniga qadar davrdagi barcha jarayonlar, oziqlantirish, sug‘orish, gulini qanday aralashmaga botirishgacha aniq-tiniq qilib Boboyor akaning o‘zlari batafsil ma’lumot beradi. Buning uchun kichikkina bo‘lsayam ofis-xonasi ham bor.

Aktam Xaitov nafaqaga chiqqan otaxonning g‘ayratiyu tajribasi boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatilishi kerakligini suhbat jarayonida aytib o‘tdi. Qolaversa, otaxonning 30 yillik tajribasini ommalashtirish, kerak bo‘lsa bu xizmat faoliyatini ham kengaytirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Albatta, mehnat va g‘ayratning, shuningdek, himmatning ham mevasi yaxshi bo‘lishini shu otaxon misolida ko‘rish mumkin.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    286
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+