Yaxshi qo‘shnichilik, parlamentlararo aloqalar yanada mustahkamlanadi

11.02.2022, 09:37

Yaxshi qo‘shnichilik, parlamentlararo aloqalar yanada mustahkamlanadi

Xalqimizda “Hovli olma, qo‘shni ol”, degan degan purma’no ibora bor. Donishmand ota-bobolarimiz topib aytgan bu hikmat zamirida juda katta ma’no mujassam. Zero, O’zbekiston va Qozog‘iston yaqin qo‘shnilar, vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlardir.

Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayevning o‘zaro birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli bu aloqalar yanada mustahkamlandi, mamlakatlarimiz yaxshi qo‘shni va o‘zaro manfaatli hamkor sifatida taraqqiyot yo‘lidan yelkama-elka bormoqda. Turli sohalarda munosabatlarning faollashgani ezgu maqsad — mintaqa xalqlarining yanada yaqinlashishiga xizmat qilmoqda.

O’zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun mutlaqo yangi siyosiy iqlim, do‘stona muhit vujudga kelganini namoyon qiluvchi ayrim misollarga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. 2016 yildan e’tiboran oliy darajada 3 ta davlat va 8 ta ishchi tashriflar amalga oshirildi. Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida jami 17 ta uchrashuvlar o‘tkazildi.

2018 yildan beri ikki tomonlama o‘zaro munosabatlarning yangi mexanizmi – mamlakatlar o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumi ishga tushirildi. Natijada iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida 819,8 million dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Quvonarlisi, so‘nggi yillarda O’zbekiston-Qozog‘iston savdo-iqtisodiy hamkorligi faollashdi. Xususan, 2016 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1,81 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib 3,5 milliard dollargacha ko‘tarildi. Tomonlar bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga olib chiqish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda.

Mamlakatlar o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik tobora faollashmoqda. O’zbekiston tashabbusi bilan Qozog‘iston parlamenti bilan parlamentlararo do‘stlik guruhi tuzildi. Keyingi ikki yil mobaynida parlament delegatsiyalari almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Bu jarayonda ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Qozog‘iston Respublikasiga rasmiy tashrifi va tashrif chog‘ida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, qonun chiqaruvchi organlarning o‘zaro hamkorligi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yuqori darajasini ta’minlash, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Partiyamiz qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida tajriba almashish, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada kengaytirishning huquqiy asoslarini yaratishda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash nechog‘li katta ahamiyatga ega ekanligini yaxshi tushunadi. Zotan, biz mazkur yo‘nalishdagi qizg‘in aloqalarni qo‘llab-quvvatlaymiz va hamkorlikning yanada rivojlanishi tarafdorimiz.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    445
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+