Respublika ishchi guruhi Paxtakorda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish holatini o‘rgandi

11.03.2022, 11:49

Respublika ishchi guruhi Paxtakorda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish holatini o‘rgandi

Davlatimiz rahbarining tomorqa faoliyatini yanada rivojlantirish, shu orqali aholi daromadlarini oshirish yuzasidan berayotgan topshiriq va vazifalaridan kelib chiqib, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari joylarda o‘rganishlar olib bormoqda.

Ishchi guruh vakillari tumandagi mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda tomorqa yer egalarining faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularni qiynayotgan muammolarini o‘rganishyapti, hal qilish choralarini ko‘rmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari,  O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida bo‘lib, aholini tomorqadan samarali foydalanish holatini o‘rganishdi.

Bugungi kunda Paxtakor tumanida 6036 ta dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarida jami 702,2 gektar tomorqa yer maydoni mavjud. Aholi vakillarining ushbu tomorqa yer maydonlari asosan piyoz va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida ekiladigan ekinlarga ixtisoslashgan bo‘lib, bu yil jami 167,3 gektar yer maydonida ushbu to‘qsonbosti ekinlari va qolgan yer maydonlarida sabzi, ko‘katlar va karam ekinlari ekilgan.

Ishchi guruh vakillari tumandagi o‘rganishlar davomida “Paxtakor” QFYda bo‘lib, aholining tomorqadan samarali foydalanish holatlarini o‘rganishdi, ularga kerakli maslahatlar berishdi. Bundan tashqari tumanda tashkil qilingan tomorqa xizmatlari aholi tomorqalarida ekin ekishga ko‘maklashmoqda, urug‘lar, ko‘chatlar yetkazib berishda ham amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Aytish joizki, mazkur qishloq hududida 833 ta dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarida jami 102,0 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, aholi tomorqalarida piyoz, sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida ekiladigan ekinlar, sabzi, karam va boshqa mahsulotlar turlari ekilgan. Bu esa aholi xonadonlarida qo‘shimcha daromad olib kelmoqda.

Mutasaddilar ushbu QFYdagi “Chamanzor” ko‘chasida yashovchi Yakubov Shavkat xonadonida bo‘lib, tomorqasini ko‘zdan kechirishdi. Ushbu xonadon egalari  yerning hadisini olgan omilkorlardan. Ular yerni yaxshi ko‘radi, uning har bir qarichidan samarali foydalanib kelmoqda. Shavkat aka o‘z tomorqasida piyoz, sarimsoqpiyoz, ko‘kat yetishtirib, bir yilda 2-3 martagacha hosil olyapti, yiliga 85-90 mln. so‘mgacha daromad ko‘rmoqda.

Aktam Xaitov xonadon sohibi bilan suhbat jarayonida tomorqadan samarali foydalanib kelayotganligi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi, faoliyatini kengaytirish va issiqxonalar tashkil qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratib berilishida ko‘maklashishini aytdi.

Ishchi guruh vakillari tumandagi o‘rganishlar davomida “Oy buloq” QFY hududida ham bo‘lib aholi tomorqalarini ko‘zdan kechirdi. Ushbu qishloq aholisi ham tomorqadan samarali foydalanib kelmoqda. Ammo shuncha imkoniyatlar bo‘lsada tomorqasini qarovsiz holga tashlab qo‘ygan xonadonlar ham borligi aniqlandi. Mutasaddi rahbarlar ushbu hududda yashovchi fuqaro Axmedov Baxrom xonadonini ko‘zdan kechirganda o‘z tomorqa yer maydonini qarovsiz tashlab qo‘yganligi, agar o‘z vaqtida tomorqadan samarali foydalanmasa qonuniy chora ko‘rilishi tushuntirib o‘tildi.

Ushbu hududda shu kabi boshqa holatlar ham aniqlanib, ularga ekin ekishda ko‘maklashildi, tomorqa daromad manbai ekanligi targ‘ib qilindi.

Ishchi guruh a’zolarining o‘rganishlari davom etmoqda.

  • Ko'rildi
    279
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+