Mirzaobod tajribasi: mehr bersang tomorqa – katta daromad manbai

20.04.2023, 14:24

Mirzaobod tajribasi: mehr bersang tomorqa – katta daromad manbai

Tomorqa rizq-ro‘z, daromad manbai. Bandlik, to‘kinlik va arzonchilikni ta’minlashning samarali yo‘li. Dasturxon fayzu barakasi, turmush farovonligi, yurt obodligi undan. Faqatgina ayni ekish mavsumida fursatni boy bermay, uning kaftdek qismini ham bo‘sh qoldirmasdan, unumli foydalanilsa kifoya.

Kishida mehnatga ishtiyoq, havas bo‘lsa, albatta, maqsadiga erishadi. O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov boshchiligida Mirzaobod tumani “Yangi yo‘l” MFYda tomorqadan samarali foydalanish, dehqonchilikda mashhur ushbu tuman  tajribasini ommalashtirish maqsadida “Kaftdek tomorqa – katta daromad manbai” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminar avvalida Aktam Xaitov konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati va unda yoshlarga oid qator normalar o‘z aksini topayotganini alohida e’tirof etdi. Yangilangan konstitutsiyamizning referendum orqali qabul qilinishini qanchalik ahamiyatli ekani, umumxalq muhokamasi har tomonlama mukammal tashkil etilgani, parlament palatalari yig‘ilishlarida hujjat ochiq va oshkora muhokamalardan o‘tkazilganini ta’kidladi.

Qolaversa, bugungi kunda tomorqalarda amalga oshirilayotgan dehqonchilik yumushlari, parvarishlanayotgan ko‘chatlar rivojlanishi, ularga ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlari hamda klaster tizimining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va ushbu tizim joriy etilishining afzalliklari haqida ma’lumotlar berildi.

“Yangi yo‘l” MFY Yangi zamin ko‘chasida istiqomat qiluvchi Asomiddin Norqulov 20 sotix tomorqasida sarimsoqpiyoz, ko‘katlar, pomidor, bodring, kartoshka, mevali va manzarali daraxtlar yetishtiradi. Qariyb 10 yillik tajribaga ega bu mirishkor mahsulotlarini ichki bozorda sotadi. Daromadi ham shunga yarasha. Namunali tomorqachi davra suhbatida o‘z tajribasini o‘rtoqlashdi. Uning xonadonida bo‘lgan tadbir ishtirokchilari izlagan imkon topishiga, harakat qilgan aslo kam bo‘lmasligiga amin bo‘lishdi. Mo‘‘jazgina hovlidagi manzarali daraxtlar maftunkor chiroyi bilan hammani o‘ziga jalb etdi.

Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi. Bu tamoyil bugungi kunda mirzaobodlik mirishkorlarning ham shioriga aylanib ulgurgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tomorqadan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan tadbir doirasida sarimsoqpiyoz yetishtirish bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berildi.

Yurtdoshlarimiz kaftdek tomorqa – katta daromad manbai ekaniga o‘tkazilgan tadbirlar davomida yana bir bor amin bo‘lib, bahorgi yumushlarni bugundan kechiktirmay, tomorqalarni tartibga keltirish, o‘g‘itlash va mevali hamda manzarali daraxtlar o‘tqazishga ahd qilishdi.

Elyor JO’RAYEV,

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    317
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+