Qashqadaryoda Spiker o‘rinbosari tomorqachilar bilan yuzma-yuz uchrashib, muammolarini o‘rgandi

14.03.2022, 12:34

Qashqadaryoda Spiker o‘rinbosari tomorqachilar bilan yuzma-yuz uchrashib, muammolarini o‘rgandi

Bahorning seryog‘in va serfayz kelishi har bir fuqaroni qalbida ishtiyoq uyg‘otmoqda. Chunki bahorning shu lahzalari ayni daraxt ko‘chatlari  ekish uchun qulay palla. Fursatni boy bermaslik, yurtni obod va go‘zal maskang aylantirish maqsadida mamlakatimizda “Yashil yillik” umummilliy dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, bu dastur asosida joylarda katta hajmda ish olib borilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryoda dastur asosida mahallalarda amaliy seminarlar o‘tkazilib, har bir tomorqachi bilan qizg‘in suhbat va muloqotlar o‘tkazilmoqda. Ishchi guruhi bilan birga Qashqadaryoga 200 nafar vodiylik bog‘bonlar ham kelishdi va tomorqachilarga vodiyda yetishtirilgan yarim pakana intensiv daraxt ko‘chatlari yetishtirish sir-asrorlarini o‘rgatmoqda.

A. Xaitov Qamashi tumanidan tomorqachilar Fazliddin Rahmatov, Sobir Mo‘minov, Davron Hazratqulov, Zulayho Shukurova, Nishon tumanidan Cho‘tmurod Choriyev, Xadicha Mengliyeva, Niyoz Usanov va O’rol Arziqulov faoliyatini yuksak baholadi. Ammo Nishon tumani “Paxtazor” MFY hududida yashovchi xonadon egasi Rashid Qilichev tomorqasi qarovsiz qoldirilganini kuzatib unga tanbeh berdi. R. Qilichev mahalladagi hokim yordamchisi tomonidan ogohlantirildi. R. Xaitov ishning ustida turib, shu xonadondagi yerga ishlov berilishini kuzatib turdi. Kartoshka urug‘i keltirilib, jo‘yak tortilib, urug‘ ekildi.

-Nishon tumanidagi Ibn Sino MFY hududidagi Sarvar Norqulovga tegishli 25 sotix yer bir necha yillardan buyon hech narsa ekilmasdan kelayotgani bizni juda ajablantirdi, - deydi A. Xaitov. – Ibn Sino MFY hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi nega bu holatga huquqiy baho bermaydi? Agar egasi foydalanmasa, bu yer yoshlarga 4 sotixdan bo‘lib berilsa, qanchadan-qancha oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilar edi. Shu yerning yon qo‘shnisi 65 yoshli O’rol bobo Arziqulovni qarang, tomorqasini yashnatib qo‘yibdi. Ko‘katlar, kartoshka, piyoz, sabzi ekilgan. Issiqxonasida 18 tup limondan mo‘l hosil olmoqda. Otaxon yo‘lning narigi tomonidagi qarovsiz yerlarni ham o‘zlashtirib, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirayotgani ibratga loyiqdir.

Binobarin, tomorqa har bir oila uchun daromad manbai va to‘kinchiligimiz asosini tashkil etadi. shu bois, “Yashil yillik” umummilliy dasturi asosida  viloyatdagi 796 ta mahallada 16 mln. 356 ming dona  mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, shu asosda ish olib borilmoqda.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    334
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+