Turkiya bilan strategik sheriklik o‘zaro ishonch va hurmat ruhida rivojlanmoqda

30.03.2022, 16:57

Turkiya bilan strategik sheriklik o‘zaro ishonch va hurmat ruhida rivojlanmoqda

Tili, dini, urf-odatlari va dunyoqarashi bir-biriga yaqin xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar doim mustahkam asosga ega bo‘ladi. Xuddi shunday Turkiya bilan O’zbekiston o‘rtasida azaliy do‘stlik hamda qardoshlik rishtalari tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, keyingi besh yilda bu aloqalar yanada rivojlandi. Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning mamlakatimizga rasmiy tashrifi esa ikkala do‘st mamlakat o‘rtasidagi sermahsul amaliy sheriklik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bu uchrashuvning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil va strategik sheriklik munosabatlari yo‘lga qo‘yilganligiga 5 yil to‘ldi. Bu davrda savdo va investitsiya sohalarida aloqalar jadal rivojlandi. Xususan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga o‘sib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘payib, 2 mingdan ortdi. Investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlari 70 barobarga o‘sdi.

Davlat rahbarlari mamlakatimizdagi islohotlar borasida hamkorlikni mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, fan, ta’lim, san’at, kino, turizm va axborot sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish muhimligini qayd etishdi. Hamkorlik ko‘lami kengayganini hisobga olib, tomonlar ikki yoqlama munosabatlarni yangi darajaga – keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga olib chiqishga qaror qildilar.

O’zbekiston-Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan hujjatlardan - imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim, davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining o‘tishi haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risidagi bayonnoma, mehnat va bandlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi, sud ekspertizasi sohasida hamkorlik memorandumi, qurilish sohasida anglashuv memorandumi, sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi hamda O’zbekiston Milliy axborot agentligi bilan Turkiyaning “Anadolu” agentligi o‘rtasida Hamkorlik bitimi imzolangani do‘st mamlakat bilan munosabatlarimiz yuqori darajaga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

O’zbekistonning xorijiy davlatlar bilan o‘zaro strategik sheriklik aloqalarining mustahkalanib borayotgani yurtimizning istiqbolga yuz tutayotgani, dunyo hamjamiyatida obru va e’tibori oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    237
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+