Xalqlarimiz birligini hech kim va hech qanday kuch buzolmaydi

04.07.2022, 16:24

Xalqlarimiz  birligini hech kim va hech qanday kuch buzolmaydi

Biz ham butun mamlakatimiz ahli bilan birga qondosh va qardosh Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqealardan chuqur tashvishga tushganimizni ma’lum qilamiz. Ayniqsa yurtimizning barcha hududlarida katta siyosiy jarayon, ya’ni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etayotgan bir paytda bunday xavotirli vaziyatning yuzaga kelishi barchamizni yanada hushyorlik va uzoqni ko‘zlab, aql bilan ish tutishimiz lozimligini ko‘rsatmoqda. Albatta konstitutsiyaviy islohotlar davr talabi ekanligi bilan bir qatorda millati, dini, e’tiqodidan qat’i nazar O’zbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash, eng asosiy hayot tamoyiliga aylanayotgan “inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani amalda qaror toptirishga qaratilganligi bilan e’tiborga molikdir.

Tasdiqlangan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar 1 va 2 iyul kunlari ayrim fuqarolarning soddaligi va ishonchini suiiste’mol qilib, hokimiyat, huquqni muhofaza etuvchi organlar vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, Qoraqalpog‘iston respublikasi poytaxti Nukus shahridagi asosiy ko‘chalarda buzg‘unchilik ishlarini davom ettirishgan. Hatto huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga, qo‘riqlanadigan hududlarga zo‘ravonlik bilan bostirib kirishga uringanligi va ayrim infratuzilma ob’ektlariga sezilarli darajada zarar yetkazishgani ma’lum bo‘ldi. Yanada tashvishlanarli holatlardan biri bir nechta guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishganligi, hattoki, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilib, ularni ayovsiz kaltaklab, og‘ir tan jarohatlari yetkazishganini qanday izohlash mumkin?

Bu noqonuniy xatti-harakatlarni ongli ravishda baholaydigan bo‘lsak, ushbu buzg‘unchi kuchlar aniq maqsadni ko‘zlab, fuqarolarni Konstitutsiyaga xilof ish tutgan holda, jamiyatni bo‘lib yuborish, mamlakatdagi tinch-osoyishtalik muhitiga raxna solib, mavjud ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishgan urindilar.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash o‘rinliki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tashvishli voqealar sodir bo‘lgan kunlari ikki marta Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib, mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha muhokamalar jarayoni davom etayotganligini inobatga olgan holda, qoraqalpog‘istonlik tomonidan bildirilayotgan taklif va fikrlarni o‘rganish asosida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, fidoyi nuroniylar va hudud faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, o‘zgartirmasdan qoldirishni taklif etdi. Bu, uzoqni ko‘zlab qabul qilingan oqilona qaror butun Orolbo‘yi ahlini quvontirib yubordi. 

Davlatimiz rahbarining o‘z vaqtida prinsipial va qat’iyatlilik bilan juda qaltis vaziyatda odilona yo‘l tutganligi bugungi kunda butun dunyoda  e’tirof etilmoqda.

Shu munosabat bilan O’zLiDeP Siyosiy Kengashi  Ijroiya qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiya a’zolari, faollar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, azaliy qondoshlik, do‘stlik rishtalarimizni asrab-avaylash yo‘lidagi ushbu xayrli sa’y-harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu bugungina bo‘lib o‘tgan O’zLiDeP Siyosiy Kengashi  Ijroiya qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiya a’zolari yig‘ilishida yana bir ta’kidlab o‘tildi.

“O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilinib, ayni kunlarda umumxalq muhokamasidan o‘tayotganligini, ayniqsa bu mas’uliyatli  jarayonda partiyamizning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi faollari ham munosib ishtirok etayotganliklarini alohida ta’kidlashni istardik. Bu esa davlatimiz rahbarining “Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi Xalq ”, degan qanotbaxsh da’vatiga to‘la mos keladi va ishonch bilan ayta olamizki, O’zLiDeP ham boshqa siyosiy kuchlar, keng jamoatchilik bilan bamaslahat, kelishib, kengashib, ushbu ommaviy tadbirda faol qatnashadi.

Partiyamizning faol a’zolari an’anaga ko‘ra ko‘proq oddiy odamlar, ayniqsa ertangi kunimiz egalari yoshlar, xotin-qizlar orasida sodir bo‘lgan noxush voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, shuningdek, separatizm, millatchilik, mahalliychilik kabi salbiy illatlarga qarshi kurashda amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya etilishini ta’minlaydigan tegishli idoralar bilan hamkorlikda targ‘ibot ishlarini kuchaytiradi.

Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenges deputatlariga murojaatida ta’kidlanganidek, keyingi besh yil ichida aynan respublikaning mahalliy budjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish bo‘yicha muhim dasturlar izchil amalga oshirilmoqda. O’nlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy agroklasterlar, qo‘shma korxonalar ishga tushirildi. Respublikada minglab yangi ob’ektlar barpo etildi, rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. Jumladan, ko‘plab bolalar bog‘chalari, umumta’lim va ixtisoslashgan maktablar, oliygohlar, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi.

Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari holatini yaxshilash bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda...

O’ylaymizki, hali ulkan bunyodkorlik ishlari oldinda. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O’zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o‘zbek xalqining baxti va farovonligidir.

Biz Orolbo‘yi mintaqasini go‘zal, obod, gullab-yashnagan manzilga aylantirish yo‘lida mardona mehnat qilayotgan lafzi halol, mehnatkash, oqko‘ngil va bag‘rikeng qoraqalpoq xalqi bilan yelkadosh, hamfikr, birdamlikda, yagona maqsad bilan yangi O’zbekiston va yangi Qoraqalpog‘istonni barpo etamiz. Bu sharafli yo‘lda barchangizga Yaratgandan kuch-quvvat, og‘zibirchilik tilaymiz!

  • Ko'rildi
    118
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+