Yoshlar — mamlakat taraqqiyotining tayanchi

05.07.2022, 09:56

Yoshlar — mamlakat taraqqiyotining tayanchi

Yoshlar kelajak bunyodkorlaridir. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Natijada, mahallalarda 9,5 ming yoshlar yetakchilari o‘z faoliyatini boshladi. Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishga aylandi. So‘nggi ikki yilda 174 ming nafar yoshning tadbirkorlik loyihalari uchun 4 trillion 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar yo‘naltirildi.

Davlatimiz rahbarining Yoshlar kuniga bag‘ishlangan marosimdagi nutqi, ertangi kunimiz egalari bilan dildan, samimiy muloqot qilishi barcha yoshlarimizga motivatsiya berdi, ularni kelajakka va o‘ziga bo‘lgan ishonchini yana bir karra oshirdi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki mazkur dasturilamal ma’ruzada hech bir jihat e’tibordan chetda qolmadi.

Prezidentimiz yoshlarimizni ruhlantirib, ularni ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishlarini, ilm-fan cho‘qqilarini zabt etib, bilim va salohiyatlarini yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida safarbar etishni, Uchinchi Renessansga asos solib, pirovardida mamlakatimizni dunyoning rivojlangan davlatlari safidan o‘rin egallashini ertangi kunimiz vorislaridan so‘ramoqda. Bu yo‘lda nima kerak bo‘lsa, qanday shart-sharoit va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, ziyodi bilan muhayyo qilib berilishini ta’kidladi.

Agar ushbu masala atrofida chuqurroq fikr yuritadigan bo‘lsak, o‘tgan yillar davomida yoshlar siyosati bilan bog‘liq juda katta ishlar qilindi. Xususan, xalq vakili sifatida shuni aytishim mumkinki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senati huzurida Yoshlar parlamentining tashkil etilgani, yosh parlamentariylar o‘zlari istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarni o‘rganib, sabablarini aniqlash, dolzarb masalalarni tengdoshlari o‘rtasida muhokama qilish, ularning huquq-manfaatlarini himoya qilsh, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini ta’minlash, bo‘lg‘usi parlament azolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, o‘g‘il-qizlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yo‘naltirib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Agar ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida gapiradigan bo‘lsak, sohada mutlaqo yangi tizim — Prezident va ijod maktablari, matematika, kimyo, biologiya fanlari bo‘yicha maxsus maktablar tashkil etilganini alohida qayd etib o‘tish joiz. Misol uchun o‘tgan o‘quv yilida birgina Prezident maktablarini bitirgan 424 nafar o‘g‘il-qizlarning barchasi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Ularning 102 nafari yoki 24 foizi xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgani tahsinga sazovordir.

Umuman olganda, ta’limning 3 bosqichi bog‘cha, maktab va oliy ta’lim tizimi bir mushtga aylandi. Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, bugungi kunda barchasiga birdek shart-sharoit yaratish davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Maqsad sifatli, yetuk va har sohada dunyo yoshlari bilan bellasha oladigan, mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shadigan avlodni tarbiyalashdir.

Istamizmi yo‘qmi dunyo tamadduni bugun shunday bosqichga keldiki, inson hayotini IT-texnologiyalar tobora chuqurroq qamrab olmoqda. Qisqa qilib aytganda har bir mamlakat ravnaqi zamonaviy texnologiyalarga bog‘liq bo‘lib qolayotgani ayni haqiqat. Bu esa ushbu texnologiyalarni boshqarishga qodir bilimli avlodni tarbiyalashni kun tartibidagi eng muhim masala sifatida qo‘ymoqda.

Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz ayni masalaga alohida e’tibor qaratib, bu boradagi muhim vazifalarni belgilab berdilar. Jumladan, xususiy ta’lim muassasalarida IT-texnologiyalari bo‘yicha o‘qish (dasturlash, veb-dizayn, animatsiya) istagini bildirgan yoshlarga 20 million so‘mgacha miqdorda 4 yillik imtiyozli kredit taqdim etiladigan bo‘ldi. Bu esa sohaga qiziqadigan yoshlarni o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashiga olib keladi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir muhim tashabbus — texnikumlarga qabul yilda 2 marta tashkil etilib, talabalar uchun davlat granti soni 2 barobar oshiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, texnikumlar uchun ta’lim krediti joriy qilinadi va 80 mingdan ziyod yoshlarga kredit berish uchun moliyaviy resurs ajratiladi.

Bundan tashqari, endilikda har yili oliygohlarning sirtqi bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan 500 nafar eng faol yoshlar yetakchilarining kontrakt to‘lovlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab beriladi. Shuningdek, “Yosh rahbar kadrlar zaxirasi” shakllantirilib, uning 30 foizi yoshlar yetakchilari hisobidan to‘ldiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini namoyon qilishlari uchun belgilab berilgan vazifalar, albatta, o‘z mevasini beradi.

Shahnoza XOLMAHAMATOVA,

Oliy Majlis Qonunuchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    533
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+