Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Sirdaryodagi tadbirkorlik sub’ektlarida mehnat qilayotgan yoshlar ishtirokida muhokama qilindi

16.07.2022, 16:22

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Sirdaryodagi tadbirkorlik sub’ektlarida mehnat qilayotgan yoshlar ishtirokida muhokama qilindi

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi tomonidan yoshlarning tadbirkorlik va fermerlik faoliyatiga qiziqishini kuchaytirish, o‘z biznesini tashkil etish uchun iqtisodiy va huquqiy sharoitlar yaratish, yoshlarni mamlakatimiz kelajagi yo‘lidagi intilishi, izlanishlari, jamoat ishlaridagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy siyosiy-faolligini oshirish maqsadida yoshlar sayohatlari hamda Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi yuzasidan davra suhbatlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Tadbirlarda O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakillari, Sirdaryo viloyat, Guliston shahri va Sayxunobod tumani Kengashi xodimlari, deputatlar, tajribali va yosh tadbirkorlar, Yoshlar ishlari agentligi Guliston shahar bo‘limi, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, Yoshlar parlamenti va Yoshlar qanoti a’zolari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Ishtirokchilarning ilk manzili Guliston shahrida joylashgan “WORLD  OF  TECHNO” MChJ korxonasi bo‘ldi.

Dastlab korxonada bugungi kunda yurtimizda kechayotgan siyosiy jarayon – Bosh qomusimizga kiritilishi rejalashtirilayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.

Tadbirda O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Apparat rahbari Shohista Bozorboyeva va O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Jamshid Jalolovlar so‘zga chiqib yig‘ilganlarga “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, barcha ishtirokchilarni ushbu siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdilar. Korxona rahbari, O`zLiDeP faoli Qobil To‘rayev ular bilan yaqindan muloqotda bo‘ldi, tadbirkorlik sir-asrorlari bilan o‘rtoqlashdi, yoshlarga kerakli maslahat va tavsiyalar berib o‘tdi.

Qayd etish kerakki, “WORLD  OF  TECHNO” MChJ korxonasi tomonidan viloyat Asaka bankidan olingan 1,5 mln AQSh dollari krediti evaziga joriy yilning may oyidan qop ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni vaqtda bu yerda 65 nafar kishining bandligi ta’minlangan. Kelasi yilning fevral oyida korxonada 2-bosqich ishlari amalga oshirilib yana 120 nafar kishining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan o‘zlarini qiziqtirgan bir qator savollar berilib, korxona rahbari tomonidan batafsil javoblar berildi.

Yakunda korxona rahbari va faol ishtirok etgan yoshlarga partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    421
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+