O‘zLiDeP lideri: xalqimiz manfaatiga daxldor masala – konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalarida hammamiz va har birimiz faol qatnashishimiz kerak

26.07.2022, 15:57

O‘zLiDeP lideri: xalqimiz manfaatiga daxldor masala – konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalarida hammamiz va har birimiz faol qatnashishimiz kerak

O‘zLiDeP "O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazishni tizimli ravishda davom ettiryapti. Bu jarayonda asosiy e’tibor turli soha va tarmoqlar, aholining barcha qatlamlari qamrab olinishiga qaratilyapti.

Navbatdagi muloqot “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasi “Nurobod” hududiy boshqarmasining madaniyat saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma jamoasi xodimlari, partiya faollari, mahallalar vakillari qatnashdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ishtirok etdi.

Partiyamiz yetakchisi o‘z so‘zida qayd etganidek,  qonun loyihasida Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritilishi nazarda tutilyapti. Bundan tashqari, 16 ta  normadan iborat  6 ta yangi modda belgilanishi mo‘ljallanyapti. O’zgartish va qo‘shimchalar  mazmun-mohiyatiga ko‘ra “inson — jamiyat — davlat”, “Yangi O’zbekiston — ijtimoiy davlat” degan ustuvor g‘oyalarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga yo‘naltirilgan. 

Xususan, Asosiy qonunning  27-moddasiga kiritilishi taklif etilgan “Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi”, degan norma aholini ancha yillardan beri qiynab kelayotgan “snos” muammosini bartaraf etadi.  

30 yil muqaddam qabul qilingan Asosiy qonunimizning 53-moddasida iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, xususiy mulkning daxlsizligining huquqiy asosi mustahkamlangan. Endilikda mazkur moddani bugungi real voqelikka, tub islohotlar mazmun-mantig‘iga moslashtirish talab qilinyapti. Jumladan, mazkur modda “Hech bir shaxs o‘z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas. Mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda hamda tartibda uning o‘rnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti bilan amalga oshirilishi mumkin”, degan qoida bilan to‘ldirilyapti. Shuning barobarida ana shu moddaga “Davlat iqtisodiyot tarmoqlarining va hududlarning uyg‘un holda rivojlantirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, shuningdek iqtisodiy resurslarning adolatli ravishda taqsimlanishini ta’minlaydi” mazmunidagi me’yorning kiritilishi davlatimizning barcha hududlarining teng rivojlanishi, moliyaviy resurslarning teng taqsimlanishiga huquqiy zamin yaratadi.

Partiyamiz yetakchisi uqtirganidek, Konstitutsiya – jamiyat, davlat shakllanishida, uning boshqaruvida eng muhim huquqiy hujjat. Asosiy qonunning o‘zgarishi butun xalq manfaatiga daxldor masaladir. Binobarin, yurtimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro konstitutsiya takomillashtirilishida faol qatnashishi kerak.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    493
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+