Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ayollarning ijtimoiy-huquqiy manfaatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan takliflar bildirildi

26.07.2022, 17:02

Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ayollarning ijtimoiy-huquqiy manfaatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan takliflar bildirildi

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi joylarda keng jamoatchilik va aholi o‘rtasida Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda partiyaning ishtiroki to‘g‘risidagi qator tadbirlarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etib kelmoqdalar. Shunday tadbirlardan biri Jondor tumanidagi “Yevrosnar” mas’uliyati cheklangan jamiyati majlislar zalida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O’zLiDeP viloyat, Jondor tuman Kengashlari mas’ullari, xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, partiya tuman Kengashi “Ayollar qanoti” guruhi faollari, faxriylar Kengashi a’zolari, mahalliy tadbirkorlar, MFY raislari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari hamda xotin-qizlar faolari, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda so‘z olganlar “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va Konstitutsiya normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va erkinliklari, uning qadr-qimmatini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida o‘z fikrlarini bayon etdilar.

O’zLiDeP tuman Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Latofat Behbudova dastavval, ishtirokchilarga loyihada Asosiy Qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritilayotganligi hamda 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo‘shilayotganligi to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.  Shuningdek, yangilangan Konstitutsiyaga kiritish uchun taklif qilinayotgan homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish ta’kiqlanishini qat’iy belgilab qo‘yish, Asosiy Qomusimizda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslikni aks ettirish kabi masalalar xususida o‘z fikr-mulohazalari bildirib o‘tdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aynan ayollarning ijtimoiy-huquqiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan bandlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishda mahallalardagi xotin-qizlar faollarini yanada jonbozlik ko‘rsatishga da’vat etdi.

Muloqot davomida ishtirokchilar tomonidan bir qator takliflar va fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, ayollar uchun nafaqaga chiqishda ma’lum bir imtiyozlar belgilash, yosh oilalar mustahkamligi uchun moddiy va ma’naviy qulayliklar yaratilishi lozimligi to‘g‘risida va oila institutini takomillashtirish, mahalla instituti rolini oshirish, mehnat huquqlarini kafolatlashni konstitutsiyada yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Qonun loyihasi muhokamasida ta’kidlanganidek, bu o‘zgartish va qo‘shimchalar Bosh Qomusimizning pishiq-puxta, yanada xalqchil, tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga xizmat qiladi.

  • Ko'rildi
    1057
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+