Hazorasplik yoshlar tadbirkorlik sub’ektiga sayohat qilishdi

18.08.2022, 17:16

Hazorasplik yoshlar tadbirkorlik sub’ektiga sayohat qilishdi

O'zLiDeP Hazorasp tuman  kengashi tashabbusi bilan yosh tadbirkor faoliyati bilan yoshlarni tanishtirish maqsadida press tur tashkil etildi. Press tur ishtirokchilari Xalq deputatlari Hazorasp tuman kengashi  deputati, yosh tadbirkor Raxmatjon Matkarimov rahbarlik qilayotgan  tibbiyot qo‘lqoplari ishlab chiqarishga ixtisosolashgan “Nurmuhammad Islomobod” MChJ da bo‘ldilar.

Mazkur korxona sifatli tibbiyot qo‘lqoplari ishlab chiqarish va ichki bozorni arzon tibbiyot jihozlari bilan ta’minlash bilan birga eksport qilishni ham yo‘lga qo‘ygan. Korxonaning loyiha qiymati 1 mln 200 dollarni tashkil etib, shundan 450 ming dollar bank krediti olinib, 2020 yilda o‘z faoliyatini boshlagan.  Bu yerda kuniga 25 ming juft, yiliga 6-7 mln juft tibbiyot qo‘lqoplari ishlab chiqariladi. Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlariga eksport yo‘lga qo‘yilgan.

Press tur ishtirokchilari korxonadagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanisharkan,  tadbirkor yoshlarning biznesini rivojlantirish, tadbirkorlik loyiha va g‘oyalarini hayotga tadbiq etishda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi bo‘yicha o‘zining fikr mulohazalari bilan ham o‘rtoqlashdi. Dastlab 25 nafar ishchi bilan o‘z faoliyatini boshlagan korxonada bugun 70 nafar mahalliy aholi bandligi ta’minlangan. Kelgusida faoliyatni yanada kengaytirib, korxona qoshida tibbiyot niqoblari va uning matosini ishlab chiqarish yana 120 ta yangi ishchi o‘rini yaratish rejalashtirilgan. Paress tur ishtirokchilari yangi tashkil etiladigan ish o‘rinlariga taklif etildi.

Yosh tadbirkor Raxmatjon Matkarimov yevropa bozoriga kirish va mazkur tibbiyot qo‘lqoplarini Italiya va Yaponiya kabi horijiy davlatlarga eksport qilishni yo‘lga qo‘yish niyatida. Ammo bunda xalqaro sertifikatlarni olish zarur. Bu borada esa yurtimizda hali xorijiy sertifikatlarni olish tizimi qulayliklari yo‘qligi bois tadbirkorlarning mazkur sertifikatlarni olishda muddatlarning uzunligi va ortiqcha mablag‘ sarfining mavjudligi evropa bozoriga kirib borishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Xalqaro sertifikatlarni olish tizimi soddalashtirilsa tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratiladi.

Ozoda Qalandarova,

O'zLiDeP Hazorasp tuman  kengashi

Apparat rahbari

  • Ko'rildi
    344
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+