Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish o‘quv markazi faoliyati bilan tanishildi

23.02.2023, 15:43

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish o‘quv markazi faoliyati bilan tanishildi

Chorvachilikni rivojlantirish mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning ustuvor vazifasi sanaladi. Shu bois davlatimiz tomonidan bugungi kunda chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan fermer xo‘jaliklari uchun qator imtiyozlar berilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov rahbarligidagi  ishchi guruhi Qarshi tumanida joylashgan “Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish o‘quv markazi”da tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari  bilan muloqot qildi.

Mazkur dargoh bundan ikki yil muqaddam ishga tushirilgan bo‘lib, viloyatda chorvachilikni rivojlantirishga ilmiy yondoshuvni tashkil etish  maqsad qilingan edi. Bu yerda respublikaning taniqli olimlari ishtirokida tashkil etiladigan o‘quv-seminarlarida fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlarida sun’iy qochirish orqali zotli mollarni ko‘paytirish, parrandachilik, baliqchilik, qo‘ychilik va asalarichilikni rivojlantirish borasidagi yangiliklar amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan. 

Partiya yetakchisi voha chorvachiligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etgan markaz faoliyati bugungi kunda yaxshi tashkil etilmayotganligini tanqid qildi. Uni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, voha qishloqlarida markaz tomonidan dehqon xo‘jaliklari va xonadonlarda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni tashkil etish va rivojlantirish borasida ko‘rgazmali seminarlar tashkil etib, aholini oilaviy tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni joyida bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

- Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladigan tadbirlarga vohaning eng tajribali fermer xo‘jaliklari rahbarlari taklif etilishi kerak, - dedi Aktam Xaitov. – Ayniqsa, xonadonida chorva, parranda, baliqchilik, qo‘ychilik bilan shug‘ullanayotgan qishloq odamlariga chorva moli yoki parrandasini  kasalliklardan asrab qolishda markaz mutaxassislarining maslahatlari asqotishi tabiiy. Bugun katta chorvachilik fermalarini egallab olgan fermerlar yerlardan chorva ozuqasi yetishtirishni ko‘paytirish, dala chetlariga manzarali daraxt ko‘chatlari ekishni unutmasliklari kerak. Qaniydi har bir xonadonda tuyaqush, zotdor mollar, ot va asalari boqish yo‘lga qo‘yilsa, aholining  turmush farovonligi tubdan yaxshilanar edi. Partiya deputatlari bu borada aholi o‘rtasida keng ko‘lamda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini amalga oshirishlari zarur.

Muloqot davomida Prezidentimizning joriy yil 26 yanvardagi “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar faoliyatni yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida fermer xo‘jaliklari uchun berilgan qator imtiyozlar haqida aytib o‘tildi. Xususan, fermer xo‘jaliklari hududida quriladigan “Dala do‘koni” uchun ajratiladigan  kreditni to‘lash uchun yetti yillik imtiyoz berilishi, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i moylash materiallarini birjadan hech bir ustamasiz xarid qilish huquqi berilganligini alohida ta’kidladi.

  • Ko'rildi
    424
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+