O`zLiDeP huzuridagi Faxriylar kengashining o‘tgan yildagi faoliyati tahlil qilindi

27.02.2023, 17:23

O`zLiDeP huzuridagi Faxriylar kengashining o‘tgan yildagi faoliyati tahlil qilindi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi huzuridagi Faxriylar kengashi va partiyaning hududiy Kengashlardagi vakillari bilan ochiq muloqot tashkil qilindi.

Aytish kerakki, bundan bir yil oldin partiya faxriylarining ijtimoiy faolligini kuchaytirish, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga partiya pozitsiyasidan kelib chiqib takliflarni tayyorlashga ko‘maklashish maqsadida O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi huzurida Faxriylar kengashi tuzilgan. Xususan, Taraqqiyot strategiyasining joriy yilgi "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili" davlat dasturi loyihasida ham bu borada qator vazifalar amalga oshirilshi ko‘zda tutilgan. Xususan, Keksalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, nuroniylarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi, bu borada keksalar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish, keksalarga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish orqali “Keksalarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Mazkur sa’y-harakatlar orqali esa  3 mln.dan ortiq keksa avlod vakillariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, kafolatli ijtimoiy va moddiy ta’minotini tashkil etish, ularga tibbiy, ijtimoiy, ta’lim, madaniyat, sport va transport tizimlaridan keng foydalanish shart-sharoitlarini yaratish belgilangan.

Ushbu ko‘zlangan vazifalardan kelib chiqqan holda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi huzurida tuzilgan Faxriylar kengashi hududlarda ko‘plab ijobiy ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Kengash tomonidan tashkil etilgandan buyon shu bugunga qadar 528 ta davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etildi. Shundan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan tadbirlar 72 ta, Ta’lim muassasalari va mahallalarda faxriylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” mavzusida shu kunga qadar 54 marta, “Bir ziyoli - bir mahallaga ma’naviy homiy” mavzusida 38 marotaba, “Har bir nuroniy - besh nafar yoshga murabbiy” mavzusida davra suhbati 34 marta tashkil etildi va mahallay OAVda va partiya nashrlarida yoritildi.

Shuningdek, Faxriylar kengashining to‘liq tarkibdagi yig‘ilish uchrashuvlari Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro, Andijon, Namangan viloyatlarida tashkil etildi. Bunda tashqari, “Tajribalar...Hayot manzaralari..Umr mazmuni...” nomli teleloyiha yo‘lga qo‘yildi.

Qolaversa, Kengash vakillari O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining mafkuraviy va siyosiy faoliyatini mustahkamlash, partiya faxriylarining ijtimoiy faolligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ham amalga oshirib kelishmoqda. Partiya kengashlari tomonidan o‘tkazilayotgan ommaviy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlarning amalga oshirilishiga ko‘maklashgan holda yoshlarni qonunlar, Prezident qaror va farmonlariga munosabatini shakllantirib borish hamda ularni ijtimoiy hayotga tatbiq etish, targ‘ibot qilishda ham faol ishtirok etishayotir. Bu borada o‘g‘il-qizlarimizga namuna ko‘rsatib, ularni ma’naviy yetuk qilib tarbiyalashga ham e’tibor qaratishmoqda. Eng muhimi, yoshlarni jamiyatdagi voqealarga befarq bo‘lmaslikka, Vatanimizda yaratilgan imkoniyatlarning qadriga yetishga undashmoqda.

Onlayn bo‘lib o‘tgan muloqotda Faxriylar kengashi barcha jarayonlarda o‘z faolligini ko‘rsatishi, ayniqsa mahallalarda yoshlar bilan bevosita muloqotda bo‘lish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda faxriylarning pand nasixatlari,  o‘gitlari muhim kasb etishi, kasb-hunar egallashlarida yaqindan ko‘makchi bo‘lishligi borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    136
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+