Mamlakat hayotiga doir muhim qonun loyihalari muhokama qilindi

28.02.2023, 10:23

Mamlakat hayotiga doir muhim qonun loyihalari muhokama qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida kun tartibiga kiritilgan masalalar qizg‘in muhokama qilindi.

Dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24 fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan partiya va fraksiya oldidagi ustuvor vazifalarga e’tibor qaratildi.

Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan fraksiya a’zolari tomonidan energiya resurslarini iqtisod qilish, muqobil energetikani rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish kabi masalalarda targ‘ibot-tashviqot, deputatlik nazorati olib borilishi qayd etildi.

Shundan so‘ng “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, tuproq bizni to‘ydiradi, kiyintiradi, hayot kechirishimiz uchun zarur ashyolar, jihozlarni vujudga keltiradi. Tabiatda uglerod aylanishida, suvning saqlanishi va filtrlanishida, zaminning toshqin va qurg‘oqchilikka chidamliligini oshirishda ham uning ahamiyati beqiyos.

So‘nggi yillarda olib borilgan tuproq-baholash va tuproqshunoslikka oid tadqiqotlar natijasida sug‘oriladigan yerlarning qariyb 53,2 foizi turli darajada sho‘rlangan, geobotanik tadqiqotlar o‘tkazilgan 5,7 mln. gektar yaylovlarning 10,8 foizi turli darajada degradatsiyaga uchragan. Bu esa mamlakatimizda tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilishni alohida qonun bilan tartibga solish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi tuproqlar unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, toza tuproqda sifatli va xavfsiz mahsulot yetishtirish hamda yaylov o‘simliklari bioxilma-xilligini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Uzoq davom etgan savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

  • Ko'rildi
    289
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+