O`zLiDeP Siyosiy Kengashining XII majlisi bo‘lib o‘tdi

16.03.2023, 11:54

O`zLiDeP Siyosiy Kengashining XII majlisi bo‘lib o‘tdi

Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi referendumidagi ishtiroki to‘g‘risidagi masala atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida"gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasining to‘liq matni e’lon qilindi. Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalari 275 tadan 434 taga oshgan, ya’ni, Asosiy qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilangan, inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar uch yarim baravarga ko‘paygan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi. Loyiha tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘lganligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Majlis ishtirokchilari Konstitutsiyani takomillashtirish borasida tashabbusni ilgari surgan partiya sifatida O’zLiDeP a’zolari, Qonunchilik palatasidagi, hududiy va tuman kengashlaridagi deputatlar faol qatnashganligini e’tirof etishdi.

Partiyaning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan aksariyat takliflar qonun loyihasida aks etganligini qayd etishdi.

Xususan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi bo‘yicha majburiyatlari belgilanayapti.

Konstitutsiyada barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni mustaqil tanlashi va amalga oshirishga haqli ekanligi kafolatlanayapti.

  Mol-mulk, uy-joy daxlsizligi masalasi Bosh qomusimizda belgilangani - partiya a’zolari va elektorati uchun ayni muddao bo‘ldi. Mol-mulk daxlsizligining yuksak darajada kafolatlanishi ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni ham rag‘batlantiradi.

Yana bir muhim masala mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi amalga oshirilib, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bosqichma-bosqich, ya’ni viloyat Kengashlari uchun 2024 yildan, tuman Kengashlari uchun esa, 2026 yildan e’tiboran tugatilayotganligi mamlakatda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar, davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomidir.

Mahalliy davlat boshqaruvi sohasida kiritilayotgan mazkur o‘zgarishlar butun davlat hokimiyati tizimini demokratlashtirishga, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini izchillik bilan amalga oshirishga hamda chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishga xizmat qiladi.

Majlisda partiyaning 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi referendumi tashviqotini samarali tashkil qilish, unda faol ishtirok etish, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamlari, partiyamiz faollari orasida targ‘ibot-tushuntirishlar olib borish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Unga ko‘ra referendum tashviqotida partiyaning to‘laqonli va samarali ishtirokini ta’minlash maqsadida markaziy va hududiy shtablari tashkil qilinib, ommaviy tadbirlar, targ‘ibot uchrashuvlarning media-rejasi ham tasdiqlab olindi.

Majlisda muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    304
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+