O‘zLiDeP Siyosiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

15.04.2024, 16:11

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ni ijrosini taʼminlashda O‘zLiDePning ishtiroki bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida partiyaning aniq chora-tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”) ishlab chiqilgani, har bir yo‘nalish kesimida respublikada 19 ta ishchi guruhlari va 64 ta kichik ishchi guruhlar tuzilgani, har bir ishchi guruhlarga aniq maqsadlar belgilab berilgani aytib o‘tildi. Joriy yil mart-aprel oyida partiya ishchi guruhlari tomonidan 630 dan ortiq davra suhbatlari, eshituvlar hamda jamoatchilik nazorati tadbirlari tashkil etildi. Joylarga chiqqan holda Davlat dasturining maqsadlari ijrosi yuzasidan masʼul tashkilot va idora rahbarlarining axborotlari eshitilib, aniqlangan tizimli muammolari yechimi bo‘yicha takliflar berib borildi.

Xususan, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmatlar ko‘rsatish, kichik sanoat zonalari, davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktab, bog‘cha, tibbiyot muasssalari faoliyatini yana-da rivojlantirish, sohadagi muammo va ularning yechimiga qaratilgan nazorat-tahlil tadbirlari olib borildi.

Shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, turli kasb-hunarlarga jalb qilish orqali bandligini taʼminlash, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan “Ishbilarmon ayol”, “Yosh tadbirkorlar Ligasi”, “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori”, “Bir deputat yuz ayolga ko‘makchi” loyihalari hamda yoshlarning siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Parlamentda yoshlar o‘rni”, “Yosh siyosatchilar Ligasi”, “Yosh olimlar Ligasi”, “Yosh innovatorlar va texnologlar” kabi loyihalar o‘tkazib kelinmoqda.    

Yig‘ilishda partiya ishchi guruhlarining davlat dasturida bayon qilingan vazifalar ijrosi bo‘yicha olib borayotgan jamoatchilik nazorati tadbirlari samaradorligini yana-da oshirish, bu jarayonda partiya hududiy tashkilotlari, deputatlar va quyi bo‘g‘inlarning faolligini yana-da kuchaytirish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berildi.

Majlisda davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashriflari davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, xususan Sayxunobod tajribasini keng ommalashtirish borasida belgilab bergan topshiriqlar ijrosini taʼminlashda partiya fraksiyasi aʼzolari, deputatlar, hududiy kengashlar vakillaridan ham katta masʼuliyat va faollik talab qilinishi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi apparat rahbari Jamoliddin Meliboyev partiyaning 2023 yil byudjeti ijrosi va 2024 yilgi byudjetini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala yuzasidan maʼruza qildi.

Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    24
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+