O‘zLiDeP: Birgalikda ochiq jamiyat sari!

28.03.2023, 12:57

O‘zLiDeP: Birgalikda ochiq jamiyat sari!

Shu kunlarda O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan turli davra suhbatlari, uchrashuvlar, event-tadbirlar tashkil qilinmoqda.

Navbatdagi ana shunday tadbir O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Ellikqal’a tumani madaniyat saroyi ochiq maydonida tashkil qilindi.

“Birgalikda ochiq jamiyat sari!” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbirda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitov, partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘z olgan partiya vakillari bugun barcha sa’y-harakatlar inson qadrini yuksaltirishga qaratilgani, Bosh qomusimizga kiritiladigan jamiki o‘zgarishlarning negizida O’zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi mujassam ekanini  ta’kidlashdi.

Notiqlar qayd etganidek, birinchi marotaba Bosh qomusimizda har kimning O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha mavjud ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, murojaat etishga haqliligi mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi. Yana bir e’tiborga loyiq jihat – loyihada davlatning fuqarolarga Internet tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi kafolatlanyapti.

Har bir shaxsning respublika hududida erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi, respublikadan tashqariga chiqish huquqi hamda O’zbekiston fuqarolarining O’zbekistonga moneliksiz qaytish huquqi belgilanmoqda. Endilikda mazkur konstitutsiyaviy qoida kiritilishi bilan erkin harakatlanish qadriyat darajasida oliy huquqiy norma sifatida mustahkamlanyapti.

Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.

Bundan tashqari loyihada O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi, iste’molchining huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi o‘z aksini topmoqda. Shuningdek O’zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanishi ham qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

Liberal-demokratik konsepsiyaning tashabbuskori, tashuvchisi bo‘lgan O’zLiDeP Konstitutsiyamizdan o‘rin olayotgan mazkur o‘zgartirishlar, yangi qoidalarni to‘la qo‘llab-quvvatlamoqda.

Konstitutsiya loyihasi O’zLiDeP dasturiy maqsadlariga hamohangligi, partiya elektoratining xohishini to‘la ifoda etishi, xalqimiz qalbidagi orzu-istaklarni ro‘yobga chiqarishi, shu bois uni hech ikkilanmasdan xalq Konstitutsiyasi deb atash zarurligi haqida ham fikrlar bildirildi.

Tadbirda  partiya faollari, tadbirkor va  ishbilarmonlar, faxriylar, yoshlar ham so‘zga chiqib, xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan refrendumda faol ishtirok etishga chaqirdilar. Tadbir konsert dasturiga ulandi, estrada xonandalarning kuy-qo‘shiqlari tadbir qatnashchilariga zavq ulashdi.

Ushbu tadbirdan so‘ng partiya vakillari tumandagi tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari va mahallalarda bo‘lib, tashviqot tadbirlarini davom ettirishmoqda.

  • Ko'rildi
    296
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+