Barchasi yoshlar uchun

10.04.2023, 12:13

Barchasi yoshlar uchun

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari  G’ayrat Abdiyev, Navro‘z Rizayev, O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari Ilhom Botirov Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan tashviqot tadbirini Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida  o‘tkazishdi.

Tadbirda O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi faollari, partiya Yoshlar qanoti faollari, professor o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Deputatlar, partiya faollari yangilanayotgan Konstitutsiyamizning ahamiyati haqida yig‘ilganlarga keng tushuntirishlar berdi.

– Asosiy qonunimizga kiritilayotgan barcha o‘zgartish va qo‘shimchalarning partiyamiz dasturiy maqsad-vazifalariga hamohangligi bizni quvontiradi va shuning barobarida yanada mas’uliyatlar yuklaydi, – dedi deputat Navro‘z Rizayev so‘zida davom etib. – Xususan, oliy ta’limda akademik erkinlik, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olish, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun imkoniyat yaratadi.

Darhaqiqat, oxirgi olti yilda oliygohlar soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa 5 baravarga ortdi. Natijada talabalar soni 1 millionga, oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 38 foizga ko‘trarildi. Davlat grantlari soni ham 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi, shundan, magistratura uchun qabul 5 baravar ko‘payib, yoshlar uchun  imkoniyatlar yanada kengaydi.

Tadbir yakunida deputatlar, partiya faollari ishtirokchilarini 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda viloyat madaniyat bo‘limi xonandalari, havaskor talaba yoshlar Vatan, tinchlik haqidagi qo‘shiqlarni ijro etib, ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat  kengashi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    243
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+