O’zLiDePning yirik quyi bo‘g‘inida referendum oldi tashviqot tadbiri tashkil qilindi

17.04.2023, 16:01

O’zLiDePning yirik quyi bo‘g‘inida referendum oldi tashviqot tadbiri tashkil qilindi

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi tashabbusi bilan respublikamiz rangli metallurgiya sanoatining yetakchisi bo‘lgan Olmaliq kon metallurgiya kombinatida “Bu mening tanlovim – mening Konstitutsiyam!” shiori ostidagi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Umumilliy boyliklarimizni o‘z bag‘riga olgan kon kengliklarida partiyaning 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan ummuxalq referendumida faol ishtirok etishga chorlovchi bayroqlari balandlarda hilpiradi.

Foydali qazilmalarga boy kon bag‘rida ochiq osmon ostida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida Qonunchilik palatasi deputatlari, O’zLiDeP faollari va yoshlar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan O’zbekiston qahramoni, mehnat faxriysi Saidali Raxmonov o‘zining boy hayotiy tajribasi va bosib o‘tgan mashaqqatli mehnat faoliyati xususida to‘xtalarkan, bugungi rivojlanish yo‘lidan dadil ildamlab borayotgan yurtimizda kon sanoatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli ishchilar ega bo‘layotgan imkoniyat va qulayliklarni alohida e’tirof etdi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada insonning qadr-qimmati oshirilib, inson davlatga emas, aksincha, davlatning inson manfaaatlariga xizmat qilishi mustahkamlab qo‘yilayotganini alqadi. Yig‘ilganlarni el-yurt taqdiriga befarq bo‘lmasdan insonni ulug‘lagan yangi Qomusni yoqlab ovoz berishga chorladi.

Kovuldi kon boshqarmasi bosh geologiyasi boshlig‘i Sarvarbek Abdujalilov ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar haqidagi mulohazalarini bildirarkan, qo‘lga kiritgan barcha yutuqlari zamirida yurtimizdagi tinchlik, inson qadrini oshirish yo‘lida olib borilayotgan samarali islohotlar yotganini qayd etdi. O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasportini mamlakat rahbari qo‘lidan olganligini eng katta yutug‘i sifatida baholadi. Bu insonparvarlikning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi. Tadbirga to‘planganlarni yurtimizda “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishni maqsad qilgan huquqiy hujjat va kechayotgan jarayonlarga befarq bo‘lmasdan, bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida faol qatnashishga da’vat etdi.

Bayramona ruhda kechgan tadbirda elimiz suygan taniqli san’atkorlar ham ishtirok etishdi. Ular tomonidan taqdim etilgan Vatan, Ona yurt, yurtimizdagi tinch va farovon hayot, yoshlik va muhabbatni tarannum etgan kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi davraga o‘zgacha shukuh va ruh bag‘ishladi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    159
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+