Shavkat Mirziyoyev farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashdi

15.06.2023, 19:28

Shavkat Mirziyoyev farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kuni Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirni nomzodning Farg‘ona viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Mavludaxon Xodjayeva olib bordi. U o‘zining kirish so‘zida
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelayotgani, ijobiy o‘zgarishlarni oilalar o‘z hayotida his qilayotgani haqida fikr yuritdi.

Viloyat iqtisodiyoti 2016 yilga nisbatan 1,3 marta o‘sib, 56 trillion so‘mni tashkil etgani bu fikrni tasdiqlaydi. Qisqa muddatda korxonalar soni 2 barobar oshib, 50 mingtaga yetgan. 3 milliard 600 million dollarlik investitsiya evaziga 4 ming 200 ta yangi loyiha ishga tushirilgan. Tadbirkorlarning sa’y-harakati bilan viloyatda 735 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan.

Ijtimoiy soha ham izchil rivojlanib, 131 ta yangi maktab qurilgan, 35 ta xususiy maktab ochilgan. 18 ming oilaga mo‘ljallangan 611 ta ko‘p qavatli uy barpo etilgan. Yo‘llar, muhandislik tarmoqlari yangilangan.

Uchrashuvda nomzod partiya vakillari va faollarni “Yangi O’zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda quramiz!” degan g‘oyani mujassam etgan saylovoldi dasturi doirasida, Farg‘ona viloyatini kelgusi yetti yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari bilan tanishtirdi.

Avvalo, aholining ijtimoiy ehtiyojlarini hal qilish rejalari bayon etildi. Unga ko‘ra, 2 mingta davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etiladi. Yangi maktablar qurish va mavjudlarining quvvatini oshirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvatlash hisobiga qo‘shimcha 125 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Xususiy sektor ishtirokida 300 dan ziyod klinika, Farg‘ona shahrida 1 ming o‘ringa mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli tibbiyot klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Kelgusi yetti yilda viloyatda 2,5 mingta ko‘p qavatli uylar qurilishi hisobiga, 100 ming oila shinam uy-joyga ega bo‘ladi. 5 ming kilometr suv tarmoqlari barpo etilib, viloyatda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 96 foizga yetkaziladi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash izchil davom ettiriladi. Viloyatga kelgusi yetti yilda 18 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 10 mingta loyiha ishga tushadi. Shuningdek, viloyatda 30 ta sanoat zonasi tashkil etilib, ularda 50 ming yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi.

 Uchrashuvda odamlar turmushini yaxshilashda mahallalarni markaziy bo‘g‘inga aylantirish, aholining daromadlarini oshirish orqali ehtiyojmand oilalar sonini keskin kamaytirishga qaratilgan maqsadlar ham aytib o‘tildi.

Umuman, Farg‘onani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun yetti yillik dastur qabul qilib, unga jami 28 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Nomzodning nutqida qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berildi. Qayd etilganidek, 2030 yilgacha bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromadni 2,5 baravar oshirib, 7 ming dollarga yetkazish, eksportni esa 10 milliard dollarga chiqarish, sohaga 15 milliard dollar investitsiya jalb qilish mo‘ljallangan.

Buning uchun, avvalo, qishloq xo‘jaligi iqlim o‘zgarishlariga moslashtiriladi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida alohida dastur ishlab chiqilib, yerlarning unumdorligini oshirish, erroziyadan himoyalash, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash kabi masalalar hal qilinadi. Barcha ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar joriy etiladi. Suv yetkazishdagi yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida yopiq quvurlar tizimi qo‘llaniladi.

Kelgusi yetti yilda 100 ta zamonaviy agrologistika markazi barpo etiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash darajasi hozirgi 8 foizdan 25 foizga oshiriladi.

Dehqon-fermer va klasterlarni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi. Ular faoliyatining huquqiy kafolatlari kuchaytiriladi. Avvalo, klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi shartnoma munosabatlari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.

Nomzodning O’zbekiston Qahramoni Lola Murodova xotirasini abadiylashtirish maqsadida uning nomidagi fermerlar maktabini tashkil etish taklifi farg‘onalik saylovchilarning dilidan joy oldi.

Shu bilan birga, uchrashuvda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, yoshlarning intellektual-ma’naviy salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha aniq reja va maqsadlar bildirildi.

Uchrashuv so‘ngida partiya faollari so‘zga chiqib, farg‘onaliklar islohotlar bardavom bo‘lishini istashyotganini bildirishdi va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida barchani Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Teglar
Saylov 2023
  • Ko'rildi
    572
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+