Andijonning eng ishbilarmon ayoli

24.08.2023, 14:51

Andijonning eng ishbilarmon ayoli

Andijon shahrida “Yangi hayot uchun, yangi O’zbekiston uchun!” shiori ostida “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovining hududiy respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi raisi Xurshida Xalilova  mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayniqsa, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi, tanlov qatnashchilariga omad tiladi. 

Darhaqiqat, partiya “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Bunyodkor ayollar”, “Ishbilarmon ayol”, “Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori!”, “Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi!”, “Farovon oila”, “O`zLiDeP faoli – islohotlar targ‘ibotchisi!” singari qator loyiha, tanlov va aksiyalar o‘tkazilayotganligi opa-singillarimizni jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda, ayniqsa, tadbirkorlikda yanada faol bo‘lishga ilhomlantirmoqda.  

O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda tadbirkor, fermer hamda hunarmand xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar ishbilarmon ayolning faoliyati bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar, shuningdek, ular tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar ko‘rib chiqildi.  

Yakuniy natijalarga ko‘ra, belgilangan shartlar asosida eng yuqori baho olgan Andijon tumanidagi Navro‘z mahallasida faoliyat yuritayotgan oilaviy tadbirkorlik korxonasi rahbari, hunarmand, dekorativ sun’iy gullar ustasi Gullola Mahkamboyeva g‘olib deb topildi.  

– Men kabi ko‘plab tadbirkor opa-singillarimizga rag‘bat berayotgan ushbu tanlovda g‘olib bo‘lganligimdan behad mamnunman, – deydi tanlov g‘olibasi G. Mahkamboyeva. – Dekorativ sun’iy gullar yasash bilan shug‘ullanamiz. Oilaviy korxonamizda 50 nafar xotin-qiz mehnat qiladi. Mahsulotlarimiz ancha xaridorgir, shunga yarasha olayotgan daromadimiz ham yaxshi.  

Tanlovda ikkinchi o‘rin Andijon shahridagi “Mavjuda grand lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mavjuda Qurbonovaga, uchinchi o‘rin esa Izboskan tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, naqsh ustasi, zardo‘z Gulmira Hamdamovaga nasib etdi.  

G’oliblar diplom, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

  • Ko'rildi
    292
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+