Milliy kashtachilik: dunyo sari yo‘l

07.09.2023, 13:43

Milliy kashtachilik: dunyo sari yo‘l

Tadbirkorlik meni elyurtga tanitdi. Jamiyatdagi faolligimni oshirdi. Mendek, oddiygina tikuvchi qizning bu qadar sharaf topishida partiya loyihalari ham yaqindan yordam berganini alohida ta’kidlashni istardim.

 Bugungi kunda “Qumqishloq” MFY tarkibidagi qishloqlarda istiqomat qilayotgan 50 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlaganman. Bolajonlar jonu dilim. Shu bois “Shirintoy” bolalar bog‘chasi tashkil etib, 30 nafar kichkintoyga tarbiya beryapmiz. Uni kengaytirib, 100 o‘rinli qilish maqsadida izlan yapmiz.

“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining republika hududiy bosqichida tayyorlagan mahsulotlarimni namoyon etish barobarida yoshlar bandligini ta’minlaganim, tadbirkorlikni qay tariqa yo‘lga qo‘yganim, mahsulot ishlab chiqarish borasida chekkan zahmatlarim, yutuqlarim haqida to‘planganlarga so‘zlab berdim. Iroqi kashtachiligi borasida tinimsiz izlanib, o‘ndan ortiq qadimiy kashtalarni qayta kashf etdim.

“Farida craft house” brendi asosida qadimiy kashtachilik namunalari inkishof etilgan milliy va zamonaviylikni o‘zida mujassamlashtirgan qo‘l ishi namunalarim – do‘ppi, nimcha, sumka, oyoq kiyimlari, milliy o‘yinchoqlar bejirim hamda chiroyliligi bilan ajralib turadi. Har bir mahsulotga o‘zgacha zeb va chiroy bag‘ishlayotgan milliy naqshlar jilosi xaridorlar soni ko‘payishiga yordam bermoqda. Kelgusida bankdan moliyaviy ko‘mak olib, ishlab chiqarish turlarini kengaytirish va mahsulot sifatini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalar keltirish harakatidaman. Har yili yuzga yaqin qizlar bizda kashta, milliy qo‘g‘irchoqlar tikishni o‘rganishadi.

Mana yetti yilki, yurtimizda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ma’naviyatini yuksaltirish borasida ulug‘vor ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, opa-singillarimizni ijtimoiy, psixologik, huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash barobarida ularga kasb-hunar o‘rgatishda O‘zLiDeP tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar yaqindan yordam berayotir.

Deputatlar va partiya faollari bilan hamkorlikda mahallalarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning bandligi va turmush sharoiti bilan yaqindan tanishyapmiz. Ish topolmay, moddiy tomondan qiynalib uyida o‘tirganlarini imtiyozli tarzda kasb-hunar o‘rganishi uchun sharoit yaratib beryapmiz.

Farida YALLAQODIROVA,

Shahrisabz tumanidagi “Momiq do‘stlarimiz” MChJ rahbari

  • Ko'rildi
    154
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+