Yangi O’zbekistonda islohotlarning yangi davri boshlanyapti

12.09.2023, 17:53

Yangi O’zbekistonda islohotlarning yangi davri boshlanyapti

Bugun O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyaning qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shma majlisda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O’zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlashga qaratilgan partiya va uning fraksiyasi oldidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, “O’zbekiston – 2030” strategiyasi beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olmoqda. Xususan, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalqqa xizmat qilishi shart bo‘lgan adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi g‘oyalar aks etgan.

Farmon bilan mazkur strategiyani amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida eng ustuvor vazifa etib belgilanmoqda. Bu esa, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning fratsiyasi zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Strategiyaning har bir yo‘nalishini tahlil qiladigan bo‘lsak, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilish, munosib turmush sharoiti bilan ta’minlash kabi ulkan maqsad va marralar ko‘zlanganligini ko‘rish mumkin.

Xususan, kelgusi yetti yillikda iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish kabi qator ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalar, aytish mumkinki, Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarini amalga oshirish uchun o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘taydi. 

Partiyamizning asosiy maqsad va g‘oyalarini o‘zida aks ettirgan Strategiyaning Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ikkinchi yo‘nalishini tahlil qiladigan bo‘lsak, iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Unga ko‘ra 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish asosiy maqsad qilib olinmoqda. Bunda kelgusi yetti yillikda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash kabi chora-tadbirlar belgilab olingan.

Strategiyada qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish borasida ham qator vazifalar belgilab olinmoqda. Unga ko‘ra, kelgusida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash ko‘rsatkichining 25 foizdan yuqori bo‘lishi ta’minlanadi. Respublika hududlarida 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta yangi agrologistika markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi hamda ularning eksport salohiyati 1 milliard dollarga yetkaziladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish va sug‘oriladigan maydonning har bir gektariga beriladigan suv hajmini 20 foizga kamaytirish orqali suvning mahsuldorligi oshiriladi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash orqali 1 metr kub hajmdagi suv bilan sug‘orilgan yer maydonidan 3,7 dollar miqdorida daromad olishga erishiladi. 

Suvdan samarali foydalanishda zamonaviy boshqaruv tizimining ham o‘rni beqiyos. Shu bois 2030 yilgacha kamida 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilish, irrigatsiya sohasiga xususiy sektorni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy qilish hisobiga xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsad qilingan.

Qo‘shma majlisda davlatimiz rahbarining “O’zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O’zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori mazmun-mohiyatini keng aholi vakillari, partiya elektorati orasida targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borish borasida vazifalar belgilandi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Ishchi guruhlar shakllantirildi, shuningdek, partiyaning uzoq muddatli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlab olindi.

  • Ko'rildi
    120
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+