Yangi O’zbekistonni ilm-ma’rifat bilan quramiz

21.09.2023, 10:31

Yangi O’zbekistonni ilm-ma’rifat bilan quramiz

“O’zbekiston - 2030” strategiyasida belgilangan beshta g‘oya va uni amalga oshirishga qaratilgan yuzta maqsad bilan tanishib chiqarkanman, keyingi yetti yilning ichida mamlakatimiz ijtimoiy, iqtisodiy hayotida, xalqimiz turmush darajasini yanada yaxshilashda qanday yuksak marralar ko‘zlanganligini tasavvur etdim.

Bu muhim hujjatda  har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish birinchi ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu bejiz emas, albatta, Prezidentimiz Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining XI  s’ezdidagi nutqida ham donishmandlarning “Har qaysi insonning qalbida bir quyosh bor, faqat unga nur sochish imkoninin berish kerak” degan so‘zlarini ta’kidladilar.

Chindan ham insondagi aql-zakovat, iste’dod va qobiliyat quyosh kabi nur sochib, uning yo‘lini yoritsa, buning uchun imkoniyat yaratilsa, jamiyatda o‘sish, o‘zgarish va ravnaq bo‘ladi. Xalqaro ekspertlar bilan birga o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun hayotimizdagi mavjud sharoitlar bolalarimizga faqat oltmish foiz salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkon berarkan.

Bizning ajdodlarimiz ikkkita Renessans davrini boshdan kechirganlar. Birinchi Renessans davrida yurtimizdan Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu ali ibn Sino kabi qomusiy olimlar yetishib chiqqanlar va o‘z ilmiy kashfiyotlari bilan  dunyo tamadduniga salmoqli hissa qo‘shganlar. Ikkinchi Renessans davrida esa shoh va olim Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy, ulug‘ shoir va mutafakkirlar Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburlar bilim va salohiyatlari bilan Turon zamin dovrug‘ini olamga yoyganlar.

Demak, biz ana shunday buyuk iste’dodlarni bergan millatning farzandlari ekanmiz, bugun ham yana shunday buyuk kashfiyotlar yaratishga qodir avlodmiz, deyishga to‘la asosimiz bor.

Shu ma’noda 2030 yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ham har bir insonga o‘z salohiyatini, qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun sharoitlar yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi g‘oyat ahamiyatlidir..

Keyingi yillarda bolalarni bog‘chalarga qamrab olish 23 foizdan 70 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni yuz foizga yetkazish vazifa qilib belgilanmoqda. Bundan tashqari har bir maktabgacha ta’lim muassasasida kompyuter sinf xonalari tashkil etiladi. Ya’ni bolalar maktabga axborot kommunikatsiya texnologiyasidan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan holda qadam qo‘yadi.

Shu o‘rinda eslash joiz, yaqin yillargacha ham o‘qituvchilar va o‘quvchilarni majburiy mehnatga, jumladan, paxta yig‘im-terimiga jalb etilardi. Bu o‘z navbatida ta’lim-tarbiyaning sifatiga salbiy ta’sir etardi. Yurtboshimizning sa’y-harakatlari bilan o‘qituvchi va o‘quvchilarni, tibbiyot xodimlarini, talabalarni majburiy mehnatga jalb etishga barham berildi. Natijada keyingi besh-olti yilning ichida maktablardagi ta’lim-tarbiya jarayonlari tubdan o‘zgardi.  

Strategiyada maktab tizimidagi islohotlarni ham yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, zamonaviy maktablar qurish, yangi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yaratish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini ta’lim planshetlari bilan ta’minlash, o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini yanada ko‘tarish, fan olimpiadalari, sport musobaqalari g‘oliblarini, ularning ustoz va murabbiylarini rag‘batlantirish, xorijiy tillarni o‘qitish sifatini yanada oshirish, har bir bitiruvchi albatta birorta zamonaviy kasb-hunarni egallashini ta’minlash kabi qator muhim vazifalar belgilangan. 

Shu o‘rinda viloyatimizdagi bir tajriba haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Oliy Majlis Senati a’zosi, “ANAMED” tibbiyot markazi rahbari Nosirbek Abdullaxanov tashabbusi bilan a’lochi va jamoatchi o‘quvchilarga stipendiya joriy etilgan bo‘lib, Namangan shahridagi 4-,46-maktablarning eng faol o‘quvchilaridan 250 nafari uch yildirki, shu stipendiyani olishga sazovor bo‘lishdi. Eng muhimi, ularda o‘qishga, bilim olishga bo‘lgan qiziqish sezilarli ravishda ortdi.

Yoki senator tashabbusi bilan qizil hududga kirgan maktablar uchun tanlov e’lon qilindi. Ya’ni qaysi maktab yuqori natijalarga erishsa, shu muassasa jamoasini 1 oktabr-o‘qituvchi va murabbiylar kunida tantanali ravishda taqdirlash  ko‘zda tutilgan.

Demoqchimanki, bugun mamlakatimizda har bir insonning, ayniqsa, yosh avlod salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar, imkoniyatlar yaratilyapti. Senator Nosirbek Abdullaxanovga o‘xshagan ta’limga, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga katta yordam berayotgan, homiylik qilayotgan  tadbirkorlarimiz safi yanada kengaysa, ayni muddao bo‘lardi.

 Prezidentimiz ta’lim tizimi vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishlardan birida “Yangi O’zbekiston - maktabdan boshlanadi” degan katta tashabbusni, g‘oyani ilgari surgan edilar. Bugun bu shior umummilliy harakatga aylandi. “O’zbekiston - 2030” strategiyasi va unda har bir inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ustuvor vazifalar yaqin yillarda albatta o‘zining amaliy natijasini beradi. 

Orifjon MAHMUDOV,

O’zLiDeP Namangan viloyat Kengashi apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    97
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+