Markaziy Osiyo yoshlarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi yuksak minbardan yangradi
22.09.2023, 15:08

Ayni kunlarda keng jamoatchilik, jumladan, yoshlarimiz Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so‘zlagan nutqini atroflicha o‘rganishmoqda. O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi faollari ham “Istiqboli kadrlar zahirasi” loyihasi doirasidagi muloqot va tadbirlarda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslar mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazishga harakat qilmoqdalar.
So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklarning samarasi sifatida Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan 5 ta Oliy ta’lim dargohi talabalari bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarda, ko‘pchilik yaqin-yaqingacha kuz kunlari talabalar ta’lim olish bilan emas, balki paxta yig‘im-terimi tashvishi bilan band bo‘lishlarini, shukrki, u kunlar qaytmas bo‘lib ortda qolganini ta’kidlashmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – O’zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir.
E’tiborli tomoni, so‘nggi yillarda ta’lim tizimi tubdan o‘zgarmoqda.O’tgan olti yilda oliy ta’limda qamrov 9 foizdan 38 foizga yetdi. Yangi O’zbekiston yoshlari jahondagi tengdoshlari bilan turli sohalarda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqdalar. Fan, sport va boshqa sohalardagi ochiq, halol raqobatda o‘zlarining nimalarga qodirliklarini isbotlab, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqdalar. Yangi O’zbekiston yoshlari ulug‘ o‘tmish vorislari va buyuk kelajak egalari ekanliklarini yaxshi anglab yetganlar.
Prezidentimiz o‘z nutqida bu safar ham yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi va aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Yaqinda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolandi.
Bu sohada Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bu tashabbus ham yoshlarimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining yoshlarga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi yurtimizdagi har bir yigit-qizni befarq qoldirmaydi. Ayni paytda“Vatan bizga nima berdi, deb emas, Biz Vatanga nima berdik!” deb yashaydigan yoshlar safi oshib borayotgani fikrimiz dalolati.
Dilshod Tursunboyev,
O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi tashkiliy-partiyaviy va
istiqbolli kadrlar bilan ishlash bo‘limi mudiri
O'xshash yangiliklar
-
Axborot texnologiyalari: yoshlar uchun madad va rag‘bat
30.11.2023, 10:02
-
Murojaatlar ortida inson taqdiri bor
30.11.2023, 09:58
-
Markaziy Osiyo iqtisodiyoti – global ahamiyatga molik o‘zaro bog‘liqlik markazi
27.11.2023, 09:22
-
Iqtisodiy hamkorlik taraqqiyotga xizmat qiladi
10.11.2023, 15:58
-
Hosildorlik bo‘yicha O’zbekiston – birinchi! Natijadorlik ham chakkimas
09.11.2023, 12:37
Fikringizni qoldiring