O’zLiDeP deputatlari sessiyaga daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish masalasini kiritdi

25.09.2023, 16:21

O’zLiDeP deputatlari sessiyaga daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish masalasini kiritdi

Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi O`zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri Bahrom Boyqulovning hisoboti tinglandi.Mutasaddi o‘z hisobotida ta’kidlab o‘tganidek, joriy yil bahor mavsumida viloyat hududlarida 9 mln. 842 ming dona daraxt, buta ko‘chatlari va qalamchalari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, mavsum davomida 10 mln. 57 ming dona ko‘chatlar ekilgan.

Ushbu ekilgan ko‘chatlar tuman va shahar Ekologiya inspektorlari tomonidan sanoqdan o‘tkazilib, ko‘chat turi, soni, ekuvchi tashkilot, sug‘orish tizimi, joylashuv lokatsiyalari belgilanib, javobgar shaxs bilan birgalikda dalolatnoma rasmiylashtirilib “Yashil makon eco” elektron platformaga kiritilgan.

Mutasaddi hisobotini diqqat bilan tinglagan deputatlar amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etgan holda, asosiy e’tiborni mavjud muammo va kamchiliklarga qaratishdi. Aynan shu o‘rinda xalq noiblarining mazkur masalani jiddiy deputatlik nazoratiga olgani ma’lum bo‘ldi.

Afsuski, sohada birqancha vazifalar bajarilmasdan qolmoqda. Deputatlar tomonidan bunga yetarlicha misollar keltirib o‘tildi. Jumladan, yangi quriladigan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi deb belgilangan bo‘lsada, ushbu masalaga qurilish tashkilotlari, loyihachi, pudratchi va Davlat ekspertiza markazi tomonidan e’tibor berilmasdan qurilishlar loyihalashtirilib, foydalanishga topshirilmoqda.

Ekiladigan daraxt va buta ko‘chatlarining ko‘karuvchanligini ta’minlash uchun sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan yerlarga hamda yoshi 5 yildan kam bo‘lgan ko‘chatlarning ekilishi taqiqlangan. Biroq, olib borilgan o‘rganishlar, joriy yil bahor mavsumida Baxmal, Sh.Rashidov, Zomin, Zafarobod tumanlari va Jizzax shahridagi jami 106 ta korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan 110,6 ming dona ko‘chatlar sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan yerlarga ekilganligi aniqlangan.

Tinglangan hisobot va bildirilgan tanqidiy-tahliliy fikrlar umumlashtirib, deputatlik guruhi a’zolari mutasaddi axborotini qoniqarsiz, deb topdilar hamda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kun tartibidagi masala xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibi muhokamasiga kiritilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    96
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+