O’zbekiston va Germaniya hamkorliginining istiqbollari belgilandi

03.10.2023, 10:01

O’zbekiston va Germaniya hamkorliginining istiqbollari  belgilandi

Zamonaviy O’zbekiston rivojiga qiziqish mamlakatlar va davlat arboblari, ekspertlar hamda keng doiradagi xalqaro jamoatchilik orasida ortib borayotgani shubhasiz. Bu dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan, turli  voqea va tendensiyalar sharoitidagi o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri kelgan – bir tarixiy davr nihoyasiga yetib, bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlangan davrdagi qator  sabablar bilan belgilanadi.

Xususan, bugun mamlakatimiz muhim transformatsiya bosqichida turibdi, Yangi O’zbekiston – inson manfaatlari oliy qadriyat bo‘lgan demokratik davlatni barpo etish yo‘lidan bormoqda. Mamlakatimizni 2030 yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya qabul qilingan va undagi yuksak maqsadlar xalqaro hamkorlarning salohiyatini jalb qilish orqali amalga oshiriladi.

Bu o‘zgarishlarda tashqi siyosat, xususan Germaniya bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va sanoat kooperatsiyasi ko‘rsatkichlari ikki barobar o‘sdi. Mamlakatimizda Germaniyaning “Volkswagen”, “MAN”, “CLAAS”, “Siemens”, “Linde”, “Aurubis”, “Henkel”, “Knauf”, “Papenburg”, “Deutsche Kabel” va boshqa ko‘plab yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Tog‘-kon, energetika, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati va infratuzilma bo‘yicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Berlin shahriga tashrifi ana shunday xalqaro  qiziqishning yorqin ifodasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ushbu tashrif doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuvida ishtirok etdi.

Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Boshidanoq, bugungi mintaqaviy hamkorlikning yuqori darajasi, xususan  O’zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash siyosatini og‘ishmay amalga oshirayotganini alohida qayd etamiz.

Berlinda mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi dasturlari doirasida ta’minlashning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Davlatimiz rahbari o‘z so‘zida “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi hamkorlik istiqbollariga alohida to‘xtaldi.

Uzoq muddatli hamkorlikning umummintaqaviy ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi. Bular – investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik aloqalar va almashinuvni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, Germaniya standartlariga muvofiq turli tarmoqlar uchun mutaxassislarni tayyorlash, Afg‘oniston aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatishdan iboratdir.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari Germaniya tomonining Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklikni yo‘lga qo‘yish, ushbu formatda muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlar o‘tkazib borish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.

Tashrif doirasida shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O’zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Joriy yil may oyida Germaniyaga amaliy tashrif davomida o‘tkazilgan sermahsul muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

O’zbekiston Prezidentining Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi shafeligida tashkil etilgan Iqtisodiy forum ishidagi ishtiroki ijobiy rezonans uyg‘otdi.

Xususan, forum ishida “CLAAS”, “Siemens Energy”, “Knauf”, “Linde”, “Papenburg”, “BayWa”, “WILO”, “IPEX-Bank”, “Commerzbank”, “AKA”, “Mangold Consulting”, “Deutsche Bahn”, “DB E.C.O.”, “Euler Hermes”, “Ernst Klett”, “SMS Group”, “Deutsche Bank”, “Evonik Industries”, “John Deere”, “BASF”, “Airbus” kabi Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari qatnashdi. Banday keng doiradagi vakillik Germaniya biznesida Markaziy Osiyo mamlakatlari bozoridagi faoliyatini kengaytirishga qiziqish ortib borayotganidan dalolatdir.

O’z navbatida O’zbekiston, Germaniya kompaniyalari bilan bir qator  istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishni taklif qilmoqda. Xususan, xaridorgir sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun kooperatsiyani rivojlantirish. Mamlakatimiz muqobil energetikani rivojlantirish borasida germaniyalik hamkorlar bilan muvaffaqiyatli tajriba va istiqbolli kooperatsiya loyihalardan manfaatdor. 

Eng muhim xomashyo resurslari sohasida ularni qayta ishlashga ilg‘or texnologik yechimlarni jalb qilish va sanoat mahsulotlarining eksportini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.

Yurtimiz qishloq va suv xo‘jaligi sohalariga Germaniya kompaniyalarining energiya samarador va raqamli texnologiyalarini jalb qilishga tayyor.

Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan samarali yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlab o‘tamiz. Transport loyihalarini ekspertiza jihatidan qo‘llab-quvvatlash uchun Germaniyaning yetakchi tashkilot va kompaniyalari mutaxassislarini jalb qilish  mumkin.

Shavkat Mirziyoyevning bo‘lib o‘tgan ushbu tashrifi yakunlarini umumlashtirgan holda, shuni aytish mumkinki, “Markaziy Osiyo — Germaniya” formati ochiq muloqot hamda mintaqa mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish uchun samarali maydonga aylanmoqda. Tashrif davomida ishbilarmonlik sohasidagi sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika va boshqa sohalarda kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari qo‘shma iqtisodiy tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish, muqobil energetikani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va suv resurslari boshqaruvini raqamlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, moliyaviy vositalarni kengaytirish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, migratsiya va ko‘chuvchanlik sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha qator aniq takliflarni ilgari surdi.

Shu tariqa, O’zbekiston bundan keyin ham mamlakatimizdagi ishbilarmonlik tashabbuslari va qo‘shma investitsiya loyihalariga har tomonlama ko‘maklashishga, Germaniya biznesi uchun katta imkoniyatlarni  taqdim etishga tayyorligini amalda tasdiqladi.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    169
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+