Sirdaryoda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan muloqot tashkil qilindi

16.10.2023, 11:04

Sirdaryoda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan muloqot tashkil qilindi

Shu kunlarda “Ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati va o‘quvlar tashkil etilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi muloqot Sirdaryo viloyati Guliston shahrida tashkil qilindi.

Tadbirda qatnashgan O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov so‘zga chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, Qonun loyihasi bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazishni, shuningdek saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirishni, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirishni hamda O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (nomzodlar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda. Markaziy saylov komissiyasi a’zolari sonini kamida o‘n besh nafardan to‘qqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston vakili bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining Raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emasligi belgilanmoqda, Markaziy saylov komissiyasining, hududiy saylov komissiyalarining, okrug va uchastka saylov komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda.

Bundan tashqari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi muddatini qirq kundan yetmish kunga uzaytirish taklif etilmoqda. Tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlarini belgilovchi yangi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun siyosiy partiyalar va deputatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga, partiyalar mavqei hamda saylov organlarining professionallik darajasi yanada oshishiga xizmat qiladi.

Tadbirda mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga partiya quyi bo‘g‘inlari, hududiy kengashlar vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari o‘z takliflari bilan faol ishtirok etishdi.

  • Ko'rildi
    87
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+